Mamlakatimizda Qurolli Kuchlar safini sog‘lom va jismonan baquvvat chaqiriluvchilar bilan butlash, ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlarini sifatli tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada Mudofaa ishlari boshqarmalari chaqiruv va yig‘in punktlarida fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi boshlandi hamda belgilangan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatishga tayyorgarlik tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.

Ma’lumotlar asosida sohadagi islohotlarga nazar soladigan bo‘lsak, 2020 yildan chaqiruv yoshidagi fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va ularni muddatli harbiy xizmatga chaqirishning yangi tizimi joriy etildi.

Shuningdek, mudofaa ishlari boshqarma va bo‘limlarida “Chaqiruv” axborot tizimi ishga tushirildi. Mazkur tizim Ichki ishlar vazirligining “Manzil” va “Xorijga chiqish pasporti” axborot tizimlari, “Elektron hukumat” platformasi, Adliya vazirligining “FHDYOning yagona elektron arxivi” hamda Davlat personallashtirish markazi bilan integratsiya qilindi.

Natijada himoyalangan lokal tarmoq orqali mudofaa ishlari bo‘limlari o‘rtasida ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yildi. Bu orqali respublikamiz bo‘ylab mudofaa ishlari bo‘limlarida fuqarolarga xizmat ko‘rsatishda ortiqcha qog‘ozbozlik va byurokratik to‘siqlarga barham berildi.

Chaqiruv davrida shaffoflik va qonun buzilishi holatlarining oldini olish bo‘yicha samarali ishlar qilindi. Xususan, aholiga “Yagona darcha” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish turlari elektron tarzda amalga oshirilmoqda.

Qayd etish lozimki, Qurolli Kuchlar safini jismonan baquvvat va ruhan sog‘lom fuqarolar bilan butlash maqsadida muddatli harbiy xizmatga chaqirilish tartibi ikki bosqichda o‘tkaziladi.

Birlamchi tibbiy ko‘rik – tuman, shahar mudofaa ishlari bo‘limlari chaqiruv punktlarida hududiy tibbiy komissiyalar, chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri mudofaa ishlari boshqarmalaridagi yig‘in punktlarida harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan tashkil etiladi.

Chaqiriluvchilarning umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash va yakka tartibda suhbat hamda muddatli harbiy xizmatga tavsiya etilishi mudofaa ishlari bo‘limlarida o‘tkaziladi. Tanlovning shaffofligini bevosita kuzatib borish uchun chaqiriluvchilarning ota-onalari ham taklif etilmoqda.

Chaqiriluvchining tibbiy hujjatlari, tavsifnomalari, shaxsiy yig‘ma jildi va boshqa hujjatlari bilan tanishib, shikoyatlari so‘ralib, anamnez yig‘ilgach, tibbiy tekshiruv o‘tkaziladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari tomonidan yig‘in punktlarida tuzilgan harbiy-tibbiy komissiyalar tarkibida ishtirok etish uchun Mudofaa vazirligi harbiy-tibbiy muassasalaridan harbiy-tibbiy komissiya raislari, jarroh, terapevt va nevrolog, sog‘liqni saqlash hududiy boshqarmalari davolash-profilaktika muassasalaridan oftalmolog, otorinolaringolog, psixiatr, dermatolog va stomatolog kabi mutaxassislar tibbiy ko‘rikka jalb etilgan.

MIBB chaqiruv punktida hududiy-tibbiy komissiyalar bir ish kunida 50 nafar, MIB yig‘in-punktida 100 nafar chaqiriluvchini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi. Natijalar tibbiy ekspert hujjatlariga kiritiladi.

Bu haqda 21 fevral kuni “Mudofaa ishlari bo‘limlari faoliyatini raqamlashtirish natijalari hamda fuqarolarni navbatdagi chaqiruvda muddatli harbiy xizmatga chaqirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar” mavzusida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida qayd etildi.

Tadbirda mudofaa vazirining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi polkovnik Otabek Yo‘ldoshev, Mudofaa vazirligi boshqarma boshlig‘i, podpolkovnik Qadamboy Saidov, Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy-tibbiy komissiyasi raisi, tibbiy xizmat polkovnigi Najmiddin Saidqulov va boshqa mas’ullar ishtirok etib, ommaviy axborot vositalari vakillarining chaqiruv masalalari bo‘yicha savollariga javob berdi.

Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA