Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko sakkiz xorijiy mamlakat elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi. Bu haqda “BelTA” xabar berdi.
Davlat rahbariga ishonch yorliqlarini O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Turkiya, Yaponiya, Nepal, O‘mon Saltanati va Gvineya Respublikasi elchilari topshirdi.
Lukashenko marosim ishtirokchilariga murojaat qilarkan, jumladan, quyidagi fikrlarni bildirdi:
– Biz xavfsizlikni saqlash, adolatli dunyo qurish, resurslarni odilona taqsimlash, mehnat samaradorligini ta’minlash orqali insonlar turmush darajasini oshirish mumkin, degan tamoyilga tayanamiz. Bunday natijaga faqat birgalikda harakat qilish orqali erishish mumkin. Faqat tinchlik va barqarorlikdagina farzandlarimiz, nevaralarimiz uchun munosib kelajakni kafolatlay olamiz.
Davlat rahbari ta’kidlashicha, mamlakat tashqi siyosati o‘zaro hurmat, teng huquq va odillik tamoyiliga asoslanganini qayd etdi. Belarus doimo har qanday masala bo‘yicha istisnosiz barcha bilan muloqotga tayyor, kelishish istagidagi davlatlar bilan hamkorlikka esa alohida e’tibor qaratadi.
An’anaga ko‘ra, yetakchi har bir elchi bilan davlatlar o‘rtasidagi sheriklik holatiga qisqacha to‘xtaldi.
– Belarus uchun O‘zbekiston bilan keng qamrovli hamkorlik nihoyatda muhim ahamiyatga ega, – dedi Prezident mamlakatimizning Minskda faoliyat boshlagan Favqulodda va muxtor elchisi Rahmatilla Nazarovdan ishonch yorlig‘ini qabul qilar ekan.
Aleksandr Lukashenko yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan samimiy qabul, sermazmun muloqot uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorlik bildirdi.
– Ishonchim komilki, siz, elchi janoblari, Belarusda ishlagan va mamlakatimizni yaxshi bilgan inson sifatida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda bor imkoniyatlarni, ikki tomonlama aloqani mustahkamlash uchun bilim va tajribangizni ishga solasiz.
G‘.Xonnazarov, O‘zA