Har yili 11 fevralda an’anaviy tarzda nishonlanib kelinadigan “Xalqaro fanda ayollar va qizlar kuni” munosabati bilan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ilm-fanda gender tengligi barcha uchun istiqbolli kelajak ekanligini ta’kidladi.
– Afsuski, ayollar va qizlar ilm-fan sohasida yuqori cho‘qqilarni egallashga xalaqit beradigan tizimli to‘siqlar va noto‘g‘ri qarashlarga duch kelishda davom etmoqdalar, -dedi u o‘z murojaatida.
Guterrishning fikricha, bugungi kunda ayollar jahon ilmiy hamjamiyatining atigi uchdan bir qismini tashkil qiladi va ular erkak ilmiy xodimlarga qaraganda kamroq mablag‘ oladi, nashrlarda yetarlicha ishtirok etmaydilar va yirik universitetlarda kamroq rahbarlik lavozimlarini egallaydi. Hatto ba’zi joylarda ayollar va qizlarning ta’lim olish imkoniyati cheklangan yoki umuman yo‘q.
Bosh kotib bu holatni nafaqat jamiyat uchun zararli, balki inson huquqlarining dahshatli buzilishi sifatida baholadi.
Shuningdek, u ayollar va qizlar ilmiy kashfiyotlar va innovatsiyalarda, jumladan, iqlim o‘zgarishi, sog‘liqni saqlash yoki sun’iy intellekt sohasida teng ishtirok etishi muhim, deb hisoblaydi.
– Gender tengsizliklarini bartaraf etish uchun qizlarni ilmiy ishlar bilan shug‘ullanishga undaydigan ibrat namunalarini ilgari surish, ayollarning ilm-fan sohasida rivojlanishini rag‘batlantiradigan dasturlarni ishlab chiqish va ularning iste’dodini rivojlantiruvchi ish muhitini yaratish kerak. Inklyuzivlik innovatsiyalarga yordam berishini tan olish kerak. Har bir ayol va qiz o‘zining haqiqiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish vaqti kedi, – deya xulosa qiladi BMT rahbari.