O‘z vaqtida buni anglagan Ar-Riyod mintaqada geosiyosiy jihatdan hal qiluvchi mavqeni egallashga urinmoqda. Bu yo‘lda Saudiya Arabistoni Qirolligi nafaqat Turkiya, balki so‘nggi vaqtlarda mintaqa geosiyosatida kuchli ta’sirga ega bo‘lib borayotgan Eron bilan ham til topishishga erishdi. Rasmiy Tehron va Saudiya Arabistoni o‘rtasida 2023 yil iliq diplomatik aloqa rivojlana boshladi. Har ikki mamlakat elchixonalarni qayta ochish, harbiy attashe faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhim kelishuvga erishmoqda. Shubilan birga Ar-Riyodasta-sekin Vashington va Tehron o‘rtasida vositachiga aylanmoqda. Xabaringiz bor, yaqinda AQSH Saudiya Arabistoni orqali Eronga G‘azo urushi bilan bog‘liq “maxfiy xabar” yubordi va Vashingtonning Isroildan uzoqlashishini nazardatutuvchi “keng qamrovli kelishuv”ga erishish bo‘yicha Amerika qarashini taqdim etdi. Tehron bu da’voni hali tasdiqlamadi, biroq yuqori martabali diplomat arab davlati Vashingtondan“mintaqada yirik kelishuvga erishilgani” xabarini kelganini aytgan. Vashington va Tehron o‘rtasida Saudiya Arabistoni vositachiligi haqida birinchi bo‘lib Eron matbuoti xabar berdi. Yanvar oyi boshida Ar-Riyod delegatsiyasi Saudiya va eronliklarga yuborilgan Amerika xabarini muhokama qilish uchun Eronda bo‘lgan.
Keyinroq Oq uy Eronga Saudiya Arabistoni orqali yana xabar yubordi. Bu galgi taklifning mohiyati Tehronni “AQSHning G‘azodagi urushni tugatishni qo‘llab-quvvatlashi va Vashingtonni Isroil Bosh vaziri Netanyaxu va uning o‘ta o‘ngchi ittifoqchilaridan uzoqlashishi evaziga Isroil – Arab munosabatlariga putur yetkazmaslik”ka ishontirish edi. Avvalroq Vashington Eron bilan Amerika manfaatini ifodalovchi Eron poytaxtidagi Shveysariya elchixonasi yoki Qatar va Ummon kabi Fors ko‘rfazi davlatlari orqali aloqa o‘rnatgan. Binobarin, Eron matbuoti va Tashqi ishlar vazirligi vakili AQSH bilan aloqada Saudiya Arabistoni rolini hali ochiqlamadi. Eron diplomatlari AQSHga iddao qilib, “AQSH hukumati ko‘rishi mumkin bo‘lgan eng yaxshi va samarali chora sionistik rejimni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishi kerakligini da’vo qilmoqda.
Arab matbuotiga ko‘ra, agar Qo‘shma Shtatlar haqiqatan ehtimoliy vositachi sifatida Saudiya Arabistoniga murojaat qilsa, bu Vashington va Ar-Riyodning Tehron bilan ziddiyatni boshqarishga o‘zaro va ortib borayotgan istagini ko‘rsatishi mumkin. Ayniqsa, Oq uy qirollikka 2024 yil noyabrda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovi oldidan Isroil bilan diplomatik aloqa o‘rnatish uchun bosim o‘tkazayotgan bir paytda bu jiddiy ahamiyat kasb etadi. Saudiya Arabistoni so‘nggi yillarda mintaqa geosiyosatida kuchli ta’sirga ega bo‘la boshladi. Bu yo‘lda O‘rta Sharq qo‘riqchisiga aylanib ulgurgan Turkiya va Saudiya Arabistoni bilan ancha vaqtdan beri yaxshi aloqaga ega bo‘lmay kelgan Eron rahbarlari Ar-Riyodga ketma-ket tashrif buyurishdi. Falastin masalasi yuzasidan bo‘lib o‘tgan har ikki uchrashuvda yakdillik ta’minlanishi qayd etildi. Bugun Yaqin Sharq mintaqasi har qachongidan ziddiyatli va butun dunyo geosiyosiy sahnida murakkab tuzilmasi bilan ajralib turadigan mintaqa bo‘lib qolmoqda. Shu nuqtai nazardan, bugun Isroil – XAMAS ziddiyati asnosida mintaqa hukumatlari bir necha bor davraga birlashib, yakdil qarorlar qabul qila boshladilar. Bu yaqin kelajakda mintaqadagi siyosiy inqiroz alangalanib ketmasligi uchun juda muhim. Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: Yaqin Sharqdagi mojaroni qanday to‘xtatish mumkin? Javob bitta: Falastinliklar o‘z davlatini tuzganda.
Xalqaro jamoatchilik fikri shunday: Isroil va Falastin xalqlari uchun ma’qul tushadigan kelishuvga erishilmasa, Yaqin Sharq mojarosi xavfi qolaveradi. Keskinlikni faqat Falastin xalqi uchragan adolatsizlikni tugatish orqali yumshatish mumkin.
Ziyovuddin Nuriddinov