Barcha ishlarimiz tub zamirida xalqimizni rozi qilish maqsadi mujassam

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-iyun kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va yirik loyihalar bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining g‘oyasi va tashabbusi bilan poytaxtimizda ulkan bunyodkorlik ishlari, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarida strategik ahamiyatga ega yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani aholining hayot darajasi va sifatini yuksaltirish, Toshkentni zamonaviy megapolisga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Poytaxtimiz tumanlariga bu galgi tashrif davomida ham asosiy e’tibor ana shu yo‘ldagi dolzarb reja va loyihalar ijrosiga qaratildi.

Prezidentimiz dastlab “Toshkent-Sharqiy” aerodromi bazasida barpo etilayotgan ishbilarmonlik aeroporti qurilish uchastkasiga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari 2017-yil 2-dekabr kuni mazkur loyiha bilan tanishib, biznes-aviatsiyani tashkil etish va bunday turdagi barcha xizmatlarni ko‘rsatishga qodir zamonaviy infratuzilmani barpo etish borasida ko‘rsatmalar bergan edi.

Ishbilarmonlik aeroporti Markaziy Osiyo mintaqasida mutlaqo yangi tizim bo‘lib, yakka tartibdagi va korporativ parvozlarga ixtisoslashadi. Loyiha mamlakatimiz transport va tranzit imkoniyatlarini yanada oshirishda muhim o‘rin tutadi. Ayni paytda oliy darajadagi mehmonlar, xorijiy delegatsiyalar, ishbilarmonlar, sayyohlarga sifatli xizmat ko‘rsatadi.

Hozirgi vaqtda eski uchish-qo‘nish yo‘lagi o‘rniga 4 kilometrlik zamonaviy yo‘lak qurilmoqda. Soatiga 250 yo‘lovchini o‘tkazish imkoniyatiga ega terminal barpo etish, keyingi bosqichda qo‘shimcha infratuzilma obyektlari, mehmonxona majmuasi qurish rejalashtirilgan.

Shu kunga qadar bu yerda qariyb 20 ming kub metr tuproq ishlari bajarildi. Qurilish-montaj ishlariga 100 dan ortiq maxsus texnika jalb etilgan.

Aerodrom hududida bir vaqtning o‘zida 20 ta samolyotga xizmat ko‘rsatadigan perron quriladi. Shuningdek, qo‘riqlash, aloqa va xavfsizlik punktlari bunyod etilishi ko‘zda tutilmoqda. Loyiha doirasida havo laynerlariga texnik xizmat ko‘rsatish markazi, samolyot va vertolyotlarni saqlash uchun zamonaviy angar, yong‘in xavfsizligi deposi quriladi. Shu bilan birga, dispetcherlik markazi va yo‘lovchilar uchun ovqatlanish binosi barpo etiladi.

Loyihaning birinchi bosqichi 2020-yilda yakunlanishi belgilangan.

– Biznes-aeroportda xorijiy ishbilarmonlarga har tomonlama ma’qul bo‘ladigan xizmatlarni yo‘lga qo‘yish uchun loyihasi mukammal bo‘lishi kerak. Samolyotdan tushgan odam xalqimizning nechog‘li bag‘rikeng va mehmondo‘st ekanini his etishi kerak. Shu bois zamonaviy loyiha instituti tashkil etib, Yaponiya, Germaniya kabi mamlakatlardan malakali mutaxassislarni ishga jalb etish lozim. Ana shunday qilsak, bu aeroport xalqimizga, farzandlarimizga ko‘p yillar xizmat qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz poytaxtimizning Maxtumquli va Ohangaron ko‘chalari kesishmasida barpo etilayotgan uch qavatli zamonaviy ko‘prik loyihasini ko‘zdan kechirdi.

Eng gavjum chorrahalardan biri bo‘lgan mazkur hududda uch qavatli yangi ko‘prik qurilishi tirbandlikni kamaytirib, haydovchi va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlaydi.

Ko‘prikning Parkent ko‘chasidan Ohangaron shossesiga o‘tuvchi qismida uzunligi 500 metrdan ziyod tunel quriladi. Ikkinchi bosqichda Qorasuv dahasidan Maxtumquli ko‘chasiga chiquvchi yo‘lning mazkur tunel ustidan o‘tgan qismida aylanma ko‘prik bunyod etiladi. Ikkala ko‘prik ustidan o‘tuvchi uchinchi qavat Maxtumquli va Temur Malik ko‘chalarini tutashtiradi. Shuningdek, Toshkent mexanika zavodida ta’mirlangan samolyotlarni ishbilarmonlik aeroportiga olib borish uchun yo‘l o‘tkazgich barpo etish rejalashtirilgan.

Ta’kidlash joizki, shu choqqacha yurtimizda uch qavat ko‘prik qurilmagan edi. Endilikda O‘zbekiston estakada bunyod etish tajribasini ham o‘zlashtirmoqda.

Qurilish ishlarini 2019-yil avgust oyida to‘liq yakunlash rejalashtirilmoqda.

– Bu ko‘prik kelgusida Toshkent shahrining o‘ziga xos tashrif qog‘ozi bo‘ladi, – dedi Prezidentimiz. – O‘zbekiston uchun yangilik bo‘lgan ushbu mahobatli inshoot Chorvoq va Chimyon hududini rivojlantirishga zamin yaratadi. Ko‘prik qurilishi jarayonida avtomobillar harakati to‘xtatilmaydi.

Yangi transport bog‘lamasi Toshkent shahridan Chorvoq hududiga boruvchi yo‘lni 22 kilometrga qisqartirmoqda. Ayni paytda poytaxt aholisi va xorijlik sayyohlarning Chorvoq hamda Chimyon hududiga tez va oson yetib olishi uchun Chirchiq daryosi ustidan ko‘prik bunyod etilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev yangi ko‘prikni zamonaviy texnologiyalar asosida sifatli bunyod etish, kommunikatsiya tarmoqlarini joylashtirish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berdi.

– Asosiysi, yoz jaziramasida bu yerda qurilish ishlari transport qatnoviga noqulaylik tug‘dirmasligi zarur. Buni hozirdan o‘ylab puxta yechim topish, qurilishni 3 smenada tashkil etish lozim, – dedi Prezidentimiz.

Shu yerda davlatimiz rahbariga Toshkent yerusti halqa metro liniyasini qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Davlatimiz rahbari Chilonzor tumanining Afrosiyob va Beshyog‘och ko‘chalari kesishuvidagi hududda barpo etilayotgan ko‘p tarmoqli “Humo Arena” muz saroyi qurilishini ko‘zdan kechirdi.

Ushbu majmua dizaynida zamonaviy qurilish yechimlari va ilg‘or texnologiyalar milliy madaniyat elementlari bilan uyg‘unlashib ketgan. Majmua ko‘kda parvoz etayotgan baxt va hurlik ramzi – Humo qushi shaklida barpo etilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 3-fevral kuni “Humo Arena” loyihasi bilan tanishib, bu kabi zamonaviy sport inshootlarining barkamol avlod tarbiyasidagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratgan, mutasaddi rahbarlarga qurilishni yuqori sifat bilan amalga oshirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar bergan edi.

Inshoot ikki qismdan iborat bo‘lib, unda asosiy va mashq muz arenalari joy oladi. Umumiy maydoni 82 ming 250 kvadrat metrdan iborat 6 qavatli inshootning eng baland nuqtasi 40 metrni tashkil etadi.

Mobil o‘rindiqlar bilan jihozlanadigan saroyda xokkey o‘yinlarini 12 ming 500, boshqa sport musobaqalarini 14 ming, turli konsert va dam olish dasturlarini 10 ming tomoshabin kuzatish imkoniga ega bo‘ladi. Dam olish maskani va ijtimoiy markaz sifatida barpo etilayotgan muz saroyida turli tadbirlarni o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Xususan, arenada xalqaro xokkey o‘yinlari, kyorling, figurali uchish, short-trek bo‘yicha musobaqalar, basketbol, voleybol, gandbol, futzal, boks, taekvondo, qilichbozlik bahslarini o‘tkazish imkoniyati yaratiladi. Bundan tashqari, majmuada umumxalq bayramlari, konsertlar, ko‘rgazma va forumlar tashkil etish mumkin.

Majmuada muhandislik tarmoqlari, yong‘inni o‘chirish, sovutish tizimlari, yoritish, ventilyatsiya, issiqlik manbai to‘liq avtomatlashtirilgan holda, tejamkor texnologiyalar qo‘llaniladi. Uning yonida 1 ming 375 avtomobilga mo‘ljallangan 5 qavatli avtoturargoh qurilmoqda.

Prezidentimiz ushbu majmuada shug‘ullanadigan xokkey, figurali uchish va boshqa sport turlari bo‘yicha jamoalarni hozirdan shakllantirish, bu yerda yirik xalqaro musobaqalarni tashkillashtirish masalasini o‘rganib chiqish lozimligini ta’kidladi.

Mazkur majmuani yil oxiriga qadar foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda Toshkent shahri markazi ulkan qurilish maydoniga aylangan. 80 gektar hududda barpo etilayotgan “Toshkent City” xalqaro ishbilarmonlik markaziga nafaqat yurtimiz tadbirkorlari, balki xorijlik investorlar ham qiziqish bildirmoqda.

Prezidentimizning mazkur hududga tashrifi va qurilish ishlari bilan tanishuvi chog‘ida bu haqda alohida so‘z yuritildi.

Hozirgi kunda mazkur zamonaviy markaz hududi 7 qismga bo‘linib, qurilish ishlari olib borilmoqda. Ayni paytgacha 42 ming kub metr tuproq ishlari bajarilgan, “Kongress xoll” va besh yulduzli mehmonxonaning yerosti monolit qoplamalarini mustahkamlash yakunlangan.

Davlatimiz rahbari “Toshkent City” qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Quruvchi-muhandislar, xorijlik mutaxassislar bilan suhbatlashdi.

Bugunga qadar “Toshkent City” ma’muriyati tomonidan Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Janubiy Koreya kompaniyalari bilan zamonaviy turar joylar, ofis va savdo majmualari, ta’lim muassasalari, 2 ta 20 qavatli savdo-ko‘ngilochar markaz, 40 qavatli multifunksional bino va inshootlar qurilishiga investitsiya kiritish bo‘yicha loyihalar imzolandi.

Prezidentimiz mehmonxona va “Kongress-xoll”ning ichki dizayni, kirish qismlari hamda nufuzli xalqaro anjumanlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan zallar interyerlari loyihasi bilan tanishib, ularni milliy uslubda bezash va jihozlash yuzasidan zarur tavsiyalar berdi.

Poytaxtimizda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, tirbandlikning oldini olish maqsadida ko‘plab ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar bunyod etilmoqda. Chilonzor tumanidagi Bunyodkor va Cho‘ponota ko‘chalari kesishmasida qurilayotgan zamonaviy yo‘l o‘tkazgich shulardan biridir.

Yangi ko‘prikning umumiy uzunligi 676 metr, shundan estakada qismi 488,5 metr bo‘lib, balandligi 8 metr, kengligi 24,5 metrga teng. Transportlar 6 qatorda harakatlanadi. Shuningdek, 124 metrlik ikkita piyodalar o‘tish ko‘prigi ham qurilayapti. Nogiron va keksalarga qulaylik yaratish maqsadida ularda maxsus lift, eskalator o‘rnatish ko‘zda tutilgan.

Davlatimiz rahbari bu yerda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, quruvchilar bilan muloqot qildi.

– Yangi ko‘priklar sifatli, juda puxta bo‘lishi kerak. Buning uchun o‘z ishimizga fidoyilik bilan yondashib, ko‘priksozlik bo‘yicha ilg‘or xorij tajribasini o‘rganib borishimiz zarur, – dedi Prezidentimiz.

Yangi inshootni loyihalashtirishda yoritish tizimiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Unga ko‘ra, ko‘prikka jahon standartlariga to‘la javob beradigan energiya tejamkor jihozlar o‘rnatiladi. Qurilishda Germaniyadan keltirilgan zamonaviy texnikadan foydalanilayotgani ish unumdorligini oshirmoqda. Bugungi kungacha 256 ta to‘sindan 234 tasi o‘rnatilgan, 276 ta prizmatik qoziqning barchasi qoqilgan, shuningdek, piyodalar o‘tish yo‘lagidagi tayanch ustunlar to‘liq o‘rnatilgan.

Shu yerda yangi ko‘priklar qurish, mavjudlarini ta’mirlash va ekspluatatsiya qilish borasidagi ishlar taqdimoti o‘tkazildi. Toshkent shahrida yana o‘n beshta joyda yo‘l o‘tkazgichlar qurilishi ma’lum qilindi.

Davlatimiz rahbari ko‘priklarni saqlash, ta’mirlash va ekspluatatsiya qilish masalasi ham g‘oyat dolzarb ekanini qayd etdi. Soha uchun maxsus mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan kollejlar tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Yurtimizda aholining turmush farovonligini oshirish, odamlarimiz uchun zamonaviy shart-sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada bir qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi, “Obod qishloq” dasturi amalga oshirilmoqda. Endi shaharlar uchun “Obod mahalla” dasturi ishlab chiqilmoqda.

Chilonzor tumanidagi Xirmontepa mahallasi tajriba tariqasida ushbu konsepsiya asosida obod qilinmoqda. Hududda joylashgan 24 ta ko‘p qavatli uy ta’mirlandi. Mahalla idorasi xodimlari, profilaktika inspektorlari uchun bino, kommunal to‘lovlar shoxobchasi, bolalar va sport maydonchalari barpo etilmoqda.

Prezidentimiz shu yerda mahalla faollari, ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi va bolalar bilan suhbatlashdi, ularning o‘y-tashvishlari bilan qiziqdi.

– Har bir mahallani Jizzaxdagi Manasga o‘xshatib obod qilishimiz kerak. Barcha ishlarimiz tub zamirida xalqimizni rozi qilish maqsadi mujassam. Buning uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Shavkat Mirziyoyev Chilonzor tumanidagi Tirsakobod mahallasida ham bo‘lib, bu yerda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.

“Tirsakobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 9 ko‘p qavatli uy va 864 hovli mavjud. Bu yerda yashayotgan 5 ming 200 dan ortiq aholi orasida turli millat vakillari bor.

Mahallada Prezidentimizning 2017-yil 3-fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

“Sherobod building” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlikda mahalla markazida choyxona, novvoyxona, go‘zallik saloni, do‘konlar, sport va bolalar maydonchalarining zamonaviy qiyofada qad rostlashi mahalla ahli va unga yondosh hudud aholisi uchun ayni muddao bo‘lmoqda.

Bu yerda “Obod mahalla” loyihasi asosida mahalla raisi, kotibi, maslahatchilar, profilaktika inspektori, nuroniylar uchun xonalar, kutubxona, majlislar zali, bolalar maydonchasi, yoshlar uchun sport inshootlari, favvoralar qurilishi, o‘rindiqlar, soyabonlar, tungi yoritgich moslamalari o‘rnatish kabi ishlar jadal ketmoqda.

Davlatimiz rahbari mahalla faollari bilan muloqotda bo‘ldi.

Poytaxtimiz va mamlakatimizning barcha hududlarida zamonaviy mahalla markazlari bunyod etish, aholi bilan doimiy muloqot qilish, uning farovonligi va tinchligini ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

Shu kuniPrezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahri va tumanlari hokimlari, mutasaddi rahbarlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.

Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda poytaxtimizda sanoat va kichik biznesni rivojlantirish, aholi bandligini oshirish, muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash bo‘yicha dolzarb chora-tadbirlar belgilab berildi.

 

Matnazar Elmurodov, Ziyodulla Jonibekov, Umar Asrorov, O‘zA