Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqi bo‘yicha ekspertlari G‘azo urushida halok bo‘layotgan jurnalistlar soni ortib borayotganidan xavotir bildirishdi va Isroilning tanqidiy xabarlarni “qasddan” o‘chirishga qaratilgan strategiyasini qoraladi. Bu haqda “The Peninsula” nashri yozdi.

– Jurnalistlar G‘azoda o‘z ishini bajargani uchun shunday og‘ir taqdirga duch kelishmoqda, – deyiladi mutaxassislar bayonotida. – BMT hisobotiga ko‘ra, G‘azo sektorida urush boshlangandan beri kamida 122 jurnalist va ommaviy axborot vositalari xodimi halok bo‘lgan, ko‘pchilik hamkasblarimiz jarohatlangan. Oxirgi oylarda G‘azo hududida o‘ldirilgan, hujumga uchragan, yaralangan va hibsga olingan jurnalistlar taqdiridan xavotirdamiz.

BMT Inson huquqlari kengashi tomonidan tayinlangan mustaqil ekspertlar fikricha, jurnalistlar “Press” belgisi tushirilgan kiyimda faoliyat olib borganiga qaramay, tashvishli xabarlar kamaymayapti.

– Noma’qul harakatlar – Isroil harbiy kuchlarining ommaviy axborot vositalari vakillari faoliyatiga to‘sqinlik qilishi, tanqidiy xabarlarni o‘chirtirishi atay tayyorlangan strategiya ekanini ko‘rsatmoqda, – ta’kidlangan bayonotda. – Jurnalistlarning G‘azoga kirishiga cheklov, internet aloqasi uzilishi bilan bog‘liq sabablar mahalliy aholi va tashqi dunyoning axborot olish huquqiga to‘siq qo‘ymoqda.

Ekspertlar xalqaro sudlarni ushbu xavfli xurujlar, jurnalistlarga qarshi jinoyatlar jazosiz qolmasligiga alohida e’tibor berishga chaqirdi.

Bayden G‘arbiy Sohildagi yahudiy ko‘chmanchilarga sanksiya kiritdi

AQSH Prezidenti Jo Bayden G‘arbiy Sohilda falastinliklarga hujum qilishda ayblangan to‘rt nafar isroillik ko‘chmanchiga qarshi sanksiyani ma’qulladi.

Ularning AQSHdagi bor mulki, aktivlariga tegishli mazkur sanksiya  “aybdorlar”ning Amerika moliya tizimiga kirishini ham taqiqlaydi.

XAMAS 2023 yil 7 oktyabr kuni Isroilga misli ko‘rilmagan darajada hujum uyushtirganidan so‘ng G‘arbiy Sohilda zo‘ravonlik avj oldi.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, o‘shandan beri G‘arbiy Sohilda 370 ga yaqin falastinlik halok bo‘lgan. Ularning aksariyati Isroil harbiy kuchlari, kamida sakkiz nafari esa isroillik ko‘chmanchilar tomonidan o‘ldirilgan.

AQSH hukumati falastinliklar mulkiga daxl qilgan har qanday xorijiy fuqaroni jazolash huquqiga egaligini ta’kidlamoqda.

Ushbu sanksiya AQSH ma’muriyati tomonidan isroilliklar nishonga olingan kamdan-kam holatdir. Bu qaror Baydenning Isroilni qo‘llab-quvvatlayotganini tanqid qilgan, arab-amerikalik aholisi ko‘p Michigan shtatiga safari chog‘ida qabul qilindi.

Kemeron: Buyuk Britaniya Isroil bilan kelishuvdan oldin

Falastin davlatini tan olishi mumkin

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Devid Kemeron ta’kidlashicha, Buyuk Britaniya G‘azoda o‘t ochish to‘xtagandan so‘ng, Isroil va Falastin o‘rtasidagi ko‘p yillik muzokara natijasini kutmasdan, Falastin davlatini rasman tan olishi mumkin. U payshanba kuni Livanga tashrifi chog‘ida mintaqaviy taranglikni bostirish niyatida gapirarkan, XAMAS G‘azoda qolsa, tan olinmasligini ham aytib o‘tdi.

– Biz qilishimiz kerak bo‘lgan ish Falastin xalqiga tinchlik va ularning kelajagiga umid berishdir, – dedi u. – Bu jarayon mintaqaning uzoq muddatli tinchligi va xavfsizligi uchun juda muhim. Shuningdek, Buyuk Britaniya Falastin davlatini tan olish masalasini ham ko‘rib chiqadi.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mustaqil Falastin davlati tashkil etilishini qayta-qayta rad etib keladi va hatto, so‘nggi haftalarda Falastin davlatchiligi tiklanishining oldini olishda muhim o‘rin egallagani bilan maqtangan.

Kemeron fikricha, G‘azodagi jangda “tin olish” birinchi qadam bo‘lishi kerak, bu oxir-oqibat muntazam o‘t ochishni to‘xtatishga aylanadi.

XAMAS shu paytgacha o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi doirasida anklavni tark etmaslik qarorida qolmoqda.

Qo‘shimcha qilinishicha, Buyuk Britaniya Livan-Isroil chegarasidagi keskinlikni yumshatish rejasini taklif qilmoqda. So‘nggi payt bu hududda Livanning Hizbulloh jangari guruhi va Isroil kuchlari o‘rtasida otishma tez-tez kuzatilyapti. Bu holat urush kengayib ketish xavfini uyg‘otmoqda.

O‘tkir Mirzo tayyorladi.

O‘zA