2023 yilning may-dekabr oylari davomida Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “Oilalarning baxtlilik darajasi” mavzusida mamlakatning barcha 14 hududiy birligida 3 ming 54 nafar respondent ishtirokida so‘rov o‘tkazilgan edi. So‘rov natijalari hamda rasmiy statistik ma’lumotlar tahlili asosida oilalarning umumiy baxtlilik darajasi aniqlangan. Ushbu ko‘rsatkich 8 ta indikator va 21 ta subindikatordan tashkil topgan umumiy indeks vositasida baholandi.

Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti axborot xizmati rahbari Manija Bahriyevaning ma’lum qilishicha, oilalarning baxtlilik indeksi oilalar iqtisodiy farovonligi, demografik barqarorligi, sog‘lom hayot kechirish davomiyligi, ta’lim olish imkoniyatlari, ish bilan ta’minlangani, oilaviy hayotdan qoniqishi va oilaviy baxtlilikni his qilishi, oilaviy qadriyatlarning o‘rni hamda ahamiyati, oilalarning davlat organlari faoliyati va xizmatlaridan qoniqish darajasini qamrab oldi.

Tadqiqotga 20 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan respondentlar jalb etilib, ularning aksariyatini 25-40 yosh oralig‘idagi juftliklardan iborat oilalar tashkil etgan. O‘tkazilgan tadqiqot natijalari indeks ko‘rsatkichining minus 1 dan plyus 1 oralig‘ida o‘lchangan. Hududlar orasida Xorazm, Sirdaryo, Namangan viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida oilalarning baxtlilik indeksi ko‘rsatkichi eng yuqori natijalarni ko‘rsatgan. Toshkent shahri, Jizzax va Farg‘ona viloyatlari esa mazkur reytingning so‘nggi o‘rinlaridan joy olib, ularda o‘rta darajadagi ijobiy ko‘rsatkichlar qayd etildi. O‘zbekiston bo‘yicha oilalarning umumiy baxtlilik indeksi plyus 0,56 koeffitsiyentni tashkil etib, jamiyatda ko‘p jihatdan ijobiy kayfiyat ustuvorlik qilayotganidan dalolat bermoqda.

Tahlillar natijasida O‘zbekiston oilalarining aksariyati o‘zini baxtli his qilishi, hayotga ko‘tarinki ruh va kelajakka ishonch bilan qarashi, hayotiy maqsadlari hamda rejalari borligi, muammo va qiyinchiliklarni xalqimizga xos bo‘lgan shukronalik hissi orqali yengib o‘tishi aniqlandi. Oilalarning demografik barqarorlik holati, oilaviy qadriyatlarning o‘rni va ahamiyatlilik darajasi hamda oilaviy hayotdan qoniqish va oilaviy baxtlilikni his qilish darajasi (+0,667) indikatorlari eng yuqori natijalarni ko‘rsatdi.

Oilalar baxtlilik darajasiga ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omillarga birinchi navbatda farzandlarning borligi, o‘zbek xalqining oilaviy qadriyatlarga sodiqligi, oiladagi samimiy munosabatlar va g‘amxo‘rlik, sog‘lom hayot kechirish imkoniyati hamda iqtisodiy farovonlik holati ijobiy baholangani qayd etildi.

Shuningdek, tadqiqotda kishilarning iqtisodiy farovonligi, mehnat faoliyatidan qoniqish darajasi ortgani sari ularning o‘z hayoti va oilaviy turmush tarzi barqarorligidan qoniqish hissi shu darajada ortishi kuzatildi. Mazkur holat oilalarning o‘zini baxtli his qilishida ma’naviy omillar bilan birgalikda iqtisodiy omillarning ham dolzarblashayotganini namoyon qildi.

Indikatorlar orasida oilalarning ish bilan ta’minlanganlik darajasi (+0,323) hamda ta’lim olish imkoniyati (+0,114) nisbatan past natijalarni namoyon qildi. Aholi o‘rtasida oliy ma’lumotli bo‘lish, o‘z farzandlarini o‘qitish ishtiyoqi yuqoriligi ijobiy holat hisoblanadi. Ayrim holatlarda iqtisodiy, hududiy, malakaga oid omillar ta’sirida farzandlarining ta’lim imkoniyati cheklangani, ishga joylashish va o‘ziga mos bo‘lgan ish topish masalalaridagi muammolar oilalarning kelajakka bo‘lgan ishonchi va o‘z hayotidan qoniqish darajasiga salbiy ta’sir etmoqda.

Shu nuqtai nazardan mamlakatda oilalarni va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, jumladan yosh oilalarni uy bilan ta’minlash, ta’lim imtiyozlari, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, qo‘shimcha daromad olish imkoniyatlarini kengaytirish yo‘nalishida olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni davom ettirish lozim.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA