Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar (MFY) boshqarmasi boshlig‘i Zokir Rahimov, BMT Taraqqiyot dasturining atrof-muhit va iqlim bo‘yicha klasteri rahbari Bahodir Paluaniyazov, Orolbo‘yi suvli-botqoqli hududlarni boshqarish loyihasi rahbari Akmal Ismatov va soha vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda “Orol dengizi havzasi landshaftining tanazzul yerlarida barqaror hayotni ta’minlashni qo‘llab-quvvatlaydigan asos sifatida ko‘llar, suv-botqoq yerlar va qirg‘oqbo‘yi hududlarni saqlash hamda boshqarish” qo‘shma loyihasi doirasida qilinayotgan ishlar yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Loyiha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, BMT Taraqqiyot dasturi va Global ekologik fond (GEF) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Tadbirda loyihaning asosiy maqsad va vazifalariga to‘xtalib o‘tildi.

— 4 yil davomida amalga oshiriladigan mazkur loyiha muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni kengaytirish, suvli-botqoqli yerlarni saqlashga qaratilgan deydi Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar (MFY) boshqarmasi boshlig‘i Zokir Rahimov. —Loyiha doirasida muhofaza hududlari monitoringi markazini ochish ham ko‘zda tutilgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, loyihaning asosiy maqsadi Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni samarali boshqarish, Quyi Amudaryo va Orol dengizi havzalarida ekotizimlarning barqarorligi va yashab qolishi uchun shart-sharoitlar yaxshilashdan iborat. Loyiha doirasida 2023-2026-yillar davomida umumiy maydoni 3 million gektardan ortiq bo‘lgan beshta yangi muhofaza etiladigan tabiiy hududlar “Janubiy Ustyurt”, “Orolbo‘yi”, “Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bog‘lari, “Sudoche-Akpetki”, “Borsa kelmas” buyurtma qo‘riqxonalarini mustahkamlash va rivojlantirish bo‘yicha bosqichma-bosqich chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Shuningdek, uchrashuv chog‘ida “Janubiy Ustyurt” va “Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bog‘lariga ikkita yo‘ltanlamas avtomobil topshirildi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish kerakki, yo‘l tanlamas avtomobillar botqoqlik, tog‘li va boshqa notekis yo‘llarda bemalol harakatlana oladi. Ekologiya sohasida ham bu kabi avtomobillar qo‘riqxonalardagi ilmiy ishlarni kuchaytirishga, mehnat sharoitlarini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA