So‘nggi yillarda Xitoy Xalq Respublikasi bilan barcha sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari rivojlanib bormoqda. Jumladan, parlamentlararo aloqalar doirasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu haqda suhbatlashish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi Dilorom Fayziyevaga murojaat qildik.

– Avvalo, O‘zbekiston – Xitoy davlatlararo munosabatlarining rivojlanish omillariga to‘xtalib o‘tsangiz.  

– O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi samimiy aloqalar, do‘stlik, hamkorlik rishtalari uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Mustaqillik yillarida bu aloqalar yanada kengayib, strategik ahamiyat kasb etdi.

O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992 yilning 2 yanvarida o‘rnatilgan. 1991 yildan buyon ikki mamlakat rahbarlarining 22 ta uchrashuvi bo‘lib o‘tgani munosabatlarning o‘zaro manfaatli ekanidan dalolatdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 24-27 aprel kunlari “Bir makon, bir yo‘l” ikkinchi xalqaro forumidagi, diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan 2022 yil 25 yanvarda Markaziy Osiyo va Xitoy davlat rahbarlarining onlayn sammitidagi, 2022 yil 24 iyunda “BRIKS plyus” formatidagi global rivojlanish bo‘yicha oliy darajadagi Muloqotdagi ishtiroki davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bildirgan takliflar ikki mamlakat tomonidan olib borilayotgan siyosiy, savdo-iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar yo‘nalishlardagi amaliy hamkorlikning yanada mustahkamlanishi yo‘lida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Ayniqsa, 2022 yil 4-5 fevral kunlari Pekinda bo‘lib o‘tgan qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi, 2022 yil 14-16 sentyabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning O‘zbekistonga davlat tashrifi hamda SHHT davlat rahbarlari Kengashining majlisidagi ishtiroki doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xitoy Raisi bilan uchrashuvlari, 2023 yil 18-19 may kunlari Xitoyga davlat tashrifi va “Markaziy Osiyo-Xitoy” sammitidagi ishtiroki, 2023 yil 17-18 oktyabr kunlari davlatimiz rahbarining “Bir makon, bir yo‘l” uchinchi xalqaro forumidagi ishtiroki davomida Xitoy rahbari bilan uchrashuvlari, o‘z navbatida, davlatlararo munosabatlar yanada yuksalishi uchun kuchli zamin yaratdi.

Shuningdek, dunyoda yuz berayotgan global va mintaqalararo jarayonlarda, xalqaro maydonlarda Xitoy va O‘zbekiston milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda o‘zaro bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Xususan, Xitoy O‘zbekiston Prezidentining BMT doirasidagi qator tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi.

Hukumat a’zolarining o‘zaro hamkorlik aloqalarida hozirgi sharoitda kambag‘allikni qisqartirish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, O‘zbekistonga zamonaviy yuqori texnologiyalar va sarmoyalarni jalb etish masalalari muhokamalarning diqqat markazidagi mavzulardir. Bularning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi Xitoy provinsiyalari va O‘zbekiston viloyatlari o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikni kuchaytirish zaruratidan kelib chiqilmoqda.

Bugungi kunda Xitoy bilan iqtisodiy yo‘nalishda ham qator loyihalar yo‘lga qo‘yilmoqda. Iqtisodiy diplomatiya vositalaridan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu o‘rinda 2023 yil 19-22 noyabr kunlari Pekinda ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari o‘rtasidagi birinchi Strategik muloqot, shuningdek, Guanchjou va Shanxay shaharlaridagi biznes-forum va davra suhbati davomida 11,7 milliard dollarlik shartnoma va kelishuvlarga erishilganini alohida e’tirof etish lozim.

– Xitoy va O‘zbekiston parlamentlararo aloqalari rivoji yo‘lidagi sa’y-harakatlar ko‘lami qanday?  

– Davlatlarimizning parlamentlararo aloqalari ham yildan yilga mustahkamlanib bormoqda. 2020 yil may oyida Oliy Majlis va Butunxitoy xalq vakillari kengashi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruh tashkil etilgan. Senat a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlaridan tarkib topgan mazkur guruh Senat Raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev rahbarligida amalga oshirilmoqda.

Senat Raisi T.Norboyevaning 2021 yil martda BXVK raisi Li Chjanshu bilan onlayn uchrashuvi, 2022 yilda Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarning 30 yilligiga bag‘ishlangan “Ayollar va barqaror rivojlanish” bo‘yicha onlayn forumdagi ishtiroki, shuningdek, parlamentimiz vakillarining Butunxitoy xalq vakillari kengashi vakillari bilan qator uchrashuv va muloqotlari parlamentlararo hamkorlikni yanada faollashtirdi, keng qamrovli strategik sheriklikni rivojlantirishda muhim o‘ringa ega bo‘ldi.

2022-2023 yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Xitoy Xalq Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Szyan Yan bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda diplomatik missiya rahbariga O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, xususan, konstitutsion islohotlar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Kelgusidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Parlamentning qonun ijodkorligi sohasida xorijiy davlatlar bilan o‘zaro tajriba almashish muhim yo‘nalishlardan biridir. Bu borada 2023 yil 4-24 iyulda Xitoy Xalq Respublikasi Savdo vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Rivojlanayotgan davlatlar parlamentariylari uchun seminar” muhim ahamiyat kasb etdi. Unda ishtirok etgan Qonunchilik palatasi vakillari tashrif davomida XXR parlamenti faoliyati bilan tanishish, qonun ijodkorligi va boshqa sohalarda o‘zaro tajriba almashish imkoniga ega bo‘ldi.

2023 yil 16-20 dekabr kunlari Butunxitoy xalq vakillari kengashining doimiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ch.Sinvey boshchiligidagi parlament delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Mazkur tashrif davomida Qonunchilik palatasining Spikeri N.Ismoilov hamda XXR parlament delegatsiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va parlamentlararo munosabatlarning holati hamda istiqbollari muhokama etildi.

Parlamentlararo aloqalarni yuritishda qonunchilik organlari a’zolarining o‘zaro muloqotlari davomida ikkala davlat parlamentlarining qonunchilik faoliyati bo‘yicha almashinuvlarini amalga oshirish maqsad qilinadi.

– Parlamentimiz nafaqat qonun ijodkorligi, balki barcha sohalarda erishilgan o‘zaro kelishuvlarni amalga oshirishda ham hal qiluvchi o‘rin tutadi, shunday emasmi?  

– Haqiqatan ham aytish joizki, so‘nggi yillarda oliy darajadagi hamda hukumat rahbarlarining rasmiy tashriflari va uchrashuvlari davomida erishilgan kelishuvlar bo‘yicha parlament tegishli ishlarni amalga oshirmoqda.

Ikki davlat rahbarlarining muzokaralari davomida erishilgan kelishuvlarning ro‘yobga chiqarilishi hamda mamlakatlarimiz ishbilarmonlik doiralari o‘rtasida o‘zaro sheriklikni faollashtirish uchun qulay huquqiy asoslarni yaratish bilan iqtisodiy va ijtimoiy hayotimizni zamon talablariga mos ravishda rivojlantirishda milliy parlamentlarimiz tomonidan tegishli faoliyatning amalga oshirilishi talab etiladi.

Parlamentlararo hamkorlik guruhi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining tegishli qo‘mitalari kun tartibiga mazkur masalalarni kiritish ikki mamlakat iqtisodiyoti va biznes vakillarining qo‘shma loyihalari va tashabbuslarini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun huquqiy asoslarni mustahkamlash borasidagi faoliyatga qaratilgan.

Parlamentlar mamlakatlarimiz o‘rtasida madaniyat, ta’lim, ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirish sohalaridagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga alohida ahamiyat qaratib, ilmiy kadrlar va mutaxassislarning ta’lim sohasidagi muvaffaqiyatli hamkorligini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu borada turli moliyaviy tuzilmalar va fondlar ko‘magida tegishli dasturlar ishlab chiqilishi tarafdori. O‘z navbatida, bu jamiyat hayotining barcha sohalarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash hamda investitsion muhitni yaxshilash uchun navbatdagi kuchli turtki bo‘lib, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishish yo‘lida xizmat qiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kunda O‘zbekiston va Xitoy hamkorligidagi bunyodkorlik ruhi va muvaffaqiyati, avvalambor, mamlakatlarimiz xalqlari nomidan faoliyat yurituvchi parlament a’zolarining do‘stona va o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlari bilan chambarchas bog‘liqdir.

O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova suhbatlashdi.