1-fakt: dekret so‘zining ta’tilga yoki ijtimoiy huquqqa hech qanday aloqasi yo‘q

Dekret (lotincha dekretum — farmon, qaror) — huquqiy hujjat, hokimiyat yoki mansabdor shaxsning qarori. Qadimgi Rimda  — senatning, konsulning farmoni, keyingi davrda turli shtatlarda  — favqulodda vaziyatlarda (masalan, inqilobiy farmonlar) chiqarilgan, maxsus yuridik kuchga ega bo‘lgan akt.

2-fakt: Qonunchilikda “dekret” deganda homiladorlik va tug‘ish ta’tillari hamda bola uch yoshga to‘lgunga qadar parvarishlash uchun beriladigan ta’tillar nazarda tutiladi.

Homiladorlik va tug‘ish ta’tili – Mehnat kodeksi 404-moddasiga ko‘ra, ayolga tug‘uruqqacha 70 kalendar kun hamda tug‘uruqdan keyin 56 kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tug‘ilgan taqdirda 70 kalendar kun) homiladorlik va tug‘ruq ta’tili beriladi.

“Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnomaning 27-bandiga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik varaqasi homiladorlikning 30-haftasidan boshlab, hududiy ambulator-poliklinikalar, akusher-ginekolog (umumiy amaliyot shifokori) hamda bosh shifokor o‘rinbosari  tomonidan bir yo‘la 126 kalendar kuni miqdorida beriladi va davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lanadi.

Bola parvarishlash ta’tili ayolning hoxishiga qarab, bola 2 yoki 3 yoshga to‘lgunga qadar beriladi.

3-fakt: Xomiladorlik va tug‘ish ta’tilidan asl holda foydalanish shart. Mehnat kodeksi talabiga ko‘ra shunday ta’til turlari borki, agar ulardan foydalanishni xoxlamasangiz, pullik kompensatsiya shaklida olishingiz mumkin. Ammo MK 237-moddasiga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish ta’tillari ijtimoiy ta’til hisoblanadi.

MK 234-moddasi 3-qismiga ko‘ra, ijtimoiy ta’tillarning barcha turlaridan asli holida foydalaniladi va ularni pullik kompensatsiya bilan almashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

4-fakt: Dekret puli tashkilotning tashkiliy xuquqiy shaklidan qat’iy nazar to‘lab berilishi shart. Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi xodim davlat yo nodavlat tashkilotda ishlashidan qat’i nazar barcha ayollar uchun kafolatli ravishda to‘lanishi shart. Bunda to‘lov quyidagi mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi: Byudjet tashkilotlari tomonidan – mehnat haqi jamg‘armasiga ajratiladigan byudjet mablag‘lari doirasida; Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan – foyda solig‘ini hisoblashda mazkur xarajatlar soliqqa tortiladigan bazadan chiqarib tashlangan holda, shaxsiy mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

Mehnat kodeksining 404-moddasi 1-qismiga ko‘ra, “dekret puli” o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda to‘lanishi belgilangan. 12 oydan ko‘proq tanaffusdan so‘ng mehnat faoliyatini qaytadan boshlovchi xodimlar uchun dekret puli 75 foiz to‘lanishi belgilangan.

5-fakt: Bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lgan xodima istalgan vaqtda ishga qaytishi mumkin. Shuningdek, ta’til davrida ayolning ish joyi (lavozimi) saqlanadi. Ish beruvchi xodimaga bolani parvarishlash ta’tilini to‘xtatishni taqiqlashga haqli emas, chunki undan foydalanish ayolning majburiyati emas, balki huquqidir.

Mehnat kodeksi xodimadan ish beruvchini bolani parvarishlash ta’tilidan ishga qaytish istagi haqida ogohlantirishni talab qilmaydi. Ammo nizoli vaziyatlardan qochish uchun bu ishni amalga oshirgan afzal. Ish beruvchi ish joyini tayyorlashi kerak. Axir xodimning qaytishi “dekretdagi xodim” o‘rniga olingan xodimning ishdan bo‘shatilishiga sabab bo‘lishi mumkin. U bilan tuzilgan mehnat shartnomasi “dekretdagi xodim” ishga qaytgan kundan e’tiboran bekor qilinadi.

 

Iroda Qahhorova,

huquqshunos