Ichki ishlar boshqarmasining xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi tarkibida faoliyat ko‘rsatuvchi Ezgulik patrullari Urganch va Xiva shaharlarida jamoat tartibini saqlash, xorijiy sayyohlarga zarur xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 noyabrdagi “Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarida xavfsiz turizmni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tegishli tashkilotlar tomonidan bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.

Xususan, Xorazm viloyatida xavfsiz turizm dasturi ijrosi yuzasidan Ezgulik patruli, Turistik politsiya postlari tashkil qilindi.

Ichki ishlar boshqarmasining xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi tarkibida faoliyat ko‘rsatuvchi Ezgulik patrullari Urganch va Xiva shaharlarida jamoat tartibini saqlash, xorijiy sayyohlarga zarur xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Buning uchun ular zamonaviy aloqa vositalari, xizmat anjomlari bilan ta’minlangan. Xizmatga xorijiy tillarni mukammal biladigan malakali xodimlardan jalb qilingan.

Mazkur xizmat vakillari xorijlik va ichki turistlarga zaruriy barcha xizmatlar ko‘rsatib kelmoqda. O‘z navbatida, sayyohlar xavfsiz turizm xodimlari xizmatidan mamnun bo‘lishmoqdalar.

O‘zA