Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qanliko‘l tumanida etnomadaniy meroslarning saqlanishi, milliy hunarmandchilik va xalqimizning madaniy merosini targ‘ib qilish, ichki turizmni rivojlantirish maqsadida “Etno Karavan Saray” festivali o‘tkazildi.
– Prezidentimizning 2018-yil 7-fevraldagi “Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida hokimlik tashabbusi bilan tashkil qilingan tadbir hududga sayyohlarni jalb qilish, sayohatchilarga tabiat qo‘ynida dam olishlari uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi, – deydi Qanliko‘l tumani hokimi o‘rinbosari Qurolbay Abdukarimov.
“Etno Karavan Saray” festivali ertalab boshlanib, mehmonlar dastlab tumandagi “Tayir Qara xo‘ja” asalarichilik xo‘jaligida bo‘lishdi. Dastlab 10 quti asalari bilan ish boshlagan xo‘jalikda bugungi kunda asalari qutilari 100 taga yetgan. 10 kishi doimiy ish bilan band.
Festival ishtirokchilari xo‘jalikda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Tumandagi yana bir e’tiborli tadbirkorlik subyektlardan biri – Baliqchilar qishlog‘idagi “New Golden Lake” baliqchilik xo‘jaligidir.
Xo‘jalik shinamgina ko‘l bo‘yida joylashgan. Bu yerda sayyohlar tabiat qo‘ynida dam olib, baliqdan har xil taomlar tayyorlab, ov turizmidan zavq olishi mumkin. Fermer xo‘jaligida baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Tumandagi “Alim Seyis” yilqichilik xo‘jaligi shu yili faoliyatini boshladi. Bugungi kunda xo‘jalikda boqilayotgan otlar poygalarga tayyorlanib, to‘y-ma’raka, musobaqalarda qatnashmoqda. Xo‘jalikdagi otlar ingliz, qorabayir va axalteke otlari nasllaridandir. Hozirgi kunda bu otlarning bosh soni ko‘paytirilmoqda. Mazkur xo‘jalikda yana 5 gektar maydonda mevali bog‘ o‘stirilmoqda, tuyachilik ham yo‘lga qo‘yilib, xalqni shubat va qimiz bilan ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.
Tumandagi “Qaypnazarova Sayyora” chorvachilik fermer xo‘jaligida 100 dan ortiq qora mol boqish bo‘yicha yaylov yer maydonlari ajratilib, hozirgi kunda qishki ozuqa yem bazasini to‘plash ishlari olib borilmoqda. Bu xo‘jalikda ham asosan naslli mollarning bosh sonini ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Chorvachilik xo‘jaliklariga safar uyushtirgan festival ishtirokchilari “Yolg‘iz cho‘pon” kompozitsion namoyishini, tumandagi “90 yillar” muzeyini ham tomosha qildi. Zamonaviy va milliy “Arba” etnomadaniy markazining ochilish marosimida qatnashdi.
Bayram tadbirlari milliy kiyimlar ko‘rgazmasi va san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturi bilan yakunlandi.
Yesimxon Qanoatov, O‘zA