Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, Qoraqalpoq davlat universiteti professori Maqsud Ibragimov boshchiligidagi bir guruh olimlar Orol dengizining Mo‘ynoq tumaniga qarashli suvi qurigan maydonlarida biologik resurslarini o‘rganib, u yerlarda chorvachilikni yo‘lga qo‘yishni taklif qilmoqda.
Olimlar tomonidan Mo‘ynoq tumaniga qarashli dengizning suvi qurigan maydonlarida 1000-2000 bosh qo‘yga mo‘ljallangan qorako‘lchilik tajriba fermer xo‘jaligini tashkil qilish bo‘yicha mutasaddi organlarga tavsiyalar berilgan.
– Orol dengizining qurigan yer maydonlaridan oqilona foydalanish zarur, – deydi professor M.Ibragimov. – Bunda asosiy masala suvi qurigan maydonlarda tabiiy holda va o‘simliklarni ekib ko‘paytirish orqali cho‘l o‘simliklar qoplamini tashkil qilishdir. Shunday qilganda ikki masala o‘z yechimini topadi: birinchidan, cho‘l o‘simliklar bilan qoplanganda dengizning suvi qurigan maydonlarida qumlarning ko‘chishi, chang-to‘zonlar defilyatsiyasi kamayadi, flora va faunaning rivojlanishiga, dengiz tubida to‘proq hosil bo‘lish jarayoniga va Orolbo‘yi mintaqasining ekologik sharoitiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ikkinchidan, mintaqada chorva mollari uchun yangidan yaylov maydonlari ko‘payadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat o‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 1989 yildan Qoraqalpog‘iston davlat o‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi va xorijiy davlatlar hamkorlik tashkilotlari tomonidan dengiz suvi qurigan maydonlarga cho‘lga chidamli o‘simliklar (saksovul, cherkez, qandim va b.) ekish ishlari olib borilmoqda.
Hozirda jami 418 ming 287 gektar maydonga cho‘l o‘simliklari ekilgan. Jumladan, 294 ming 700 gektarga o‘simliklar urug‘i sepilgan, 59 ming 745 gektarga ko‘chat uslubida ekilgan. 63 ming 842 gektar yerga o‘simliklarni tabiiy unib chiqishiga yordam berish ishlari olib borilgan. Ekilgan maydonlarning asosiy qismini saksovul, cherkez, qandim o‘simliklari egallaydi.
Dengizning qurigan tubiga ekilib kelinayotgan qora saksovul o‘simligi sho‘radoshlar oilasiga mansub bo‘lib, bo‘yi 5 metrgacha o‘sadi. Bu o‘simlik taqir, chorliqum sho‘rxok yerlarda yaxshi o‘sadi. U Ustyurtda ko‘p tarqalgan. Qora saksovulni ko‘kligida mollar yaxshi yemaydi. Uni kuzda va qishda yumshagan shoxlari va barglarini iste’mol qiladi.
Shunday o‘simliklardan biri cherkez Orol dengizining qurigan tubiga urug‘idan ekib ko‘paytirilmoqda. Bu o‘simlik mart-aprel oylarida unib chiqa boshlaydi. Iyun-iyul oyida gullaydi.
Qandim o‘simligi mollarning sevib yeydigan o‘simliklaridan biridir. Uning urug‘i juda sekin unadi. Aprel-may oylarida gullaydi. Mevasi iyun oyida pishadi.
Mol uchun ozuqa sanaladigan mana shu o‘simliklar Orolning qurigan tubida ko‘paymoqda.
– Ekilgan maydonlarning bioekologik holatini o‘rganish bo‘yicha olib borilgan kuzatishlarga asoslanib, chorva mollari uchun yaylov sifatida foydalanish mumkinligini angladik, – deydi olim Po‘lat Xalmuratov. – Hisob-kitoblarga qaraganda, hozirda ekilgan maydonlarda 1 millionga yaqin qorako‘l qo‘ylarini boqish imkoniyati mavjud.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qorako‘lchilik sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarining cho‘l hududlarida yaylov ozuqabop o‘simliklarini ekib ko‘paytirish va qorako‘lchilikni yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berilgan, – deydi Qoraqalpoq davlat universiteti Tabiatshunoslik fakulteti dekani Adilbay Yesimbetov. – Bu qaror dengizning qurigan maydonlaridan chorva mollari uchun yaylov sifatida foydalanishga imkoniyat yaratadi.
Avval O‘zAda xabar qilinganidek, Qoraqalpoq davlat universitetining doktorant olimi Maxmud Allamuratov tomonidan Orolning tubida paydo bo‘lgan tuzli qumlarni qimyoviy usulda qotirish usuli ixtiro qilingan edi.
Olimlarning fikricha, dengizning qurigan maydonlarida cho‘l o‘simliklarining ekma plantatsiyalarini yaratish va qumlarni qimyoviy usulda qotirish ishlarini olib borish orqali mintaqada ekologik muhitning barqarorlashiga erishish mumkin va chorva mollari uchun yangidan yaylovlar paydo bo‘ladi. Buning natijasida mintaqada ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik ta’minlanadi.
O‘tgan haftada Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati hududlariga yopirilgan tuzli bo‘ronning Orol dengizining qurigan tubidan ko‘tarilganligi aytilmoqda.
Ilmiy manbalardan ma’lum bo‘lishicha, dengiz suvi qurigan tubida Orolbo‘yi, Ustyurt platosi, Qoraqum va Qizilqum cho‘llari mintaqalarida cho‘llanish jarayoni tezlashgan. Dengiz 1986 yildan boshlab suv hajmi keskin kamayib katta dengiz va kichik dengiz bo‘lib bo‘linib ketgan. Hozirda katta dengizning suv sathi 3,40 metr, suv yuzasi 13,47 kvadrat kilometr, suv hajmi 81,35 kub kilometr, suvning mineralizatsiyalanish darajasi esa 152 l/gni tashkil qiladi.
Orol dengizining qurigan tubi qariyb 4 mln gektarni tashkil qilib, shundan 1,3 mln gektardan ortig‘i O‘zbekiston hududiga to‘g‘ri keladi.
Yesimxon Qanoatov, O‘zA