Xitoy Xalq Respublikasi xalqaro maydonda o‘z o‘rniga ega, rivojlangan davlat sifatida iqtisodiy yuksalish va yalpi ijtimoiy mahsulot hajmi bo‘yicha jahonda yetakchi o‘rinlardan birini egallab kelmoqda. Xitoy bilan munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish O‘zbekiston manfaatiga to‘liq mos keladi.

Davlatlarimiz o‘rtasida turli sohalarda hamkorlik aloqalari keng yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bugun ular o‘zining ijobiy natijalarini ko‘rsatib kelmoqda.

Yaqinda Xitoyning yetakchi axborot platformalaridan biri  “Weixin” saytida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbiri Go‘zal Sattorovaning “O‘zbekiston va Xitoyni yaqin do‘st, hamkor sifatida birlashtirgan qadriyatlar ko‘p” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi.

Muallifning qayd etishicha, “Davlatlarimiz o‘rtasidagi samimiy aloqalar uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, miloddan avvalgi 138 yilda Xitoy imperatori U-Di Chjan Syanni O‘rta Osiyo yerlariga jo‘natadi. Elchi Chjan Syan xunnlarga qarshi kurashish uchun ittifoqchi izlab kelgan edi. Keyinchalik Chjan Syan yurgan yo‘llarda Xitoyni O‘rta va G‘arbiy Osiyo bilan bog‘laydigan karvon izlari paydo bo‘ladi. Bu yo‘l “Buyuk ipak yo‘li” deb atalib, uzunligi 12 000 km edi. O‘z davrida beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan bu yo‘lning dastlabki tarmog‘i Xitoydagi Sian shahridan boshlanib, Sharqiy Turkiston, O‘rta Osiyo, Eron, Mesopotamiya orqali O‘rta Yer dengizigacha cho‘zilgan”.

Shuningdek, maqolada qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari ancha rivoj topmoqda. Xususan, siyosiy muloqot chuqurlashdi. Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik mustahkamlanmoqda. Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigi va asosiy sarmoya manbai hisoblanadi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilda Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 9 milliard 400 million AQSH dollarini tashkil etdi. 2017 yildan buyon Xitoyning O‘zbekistonga kiritgan jami sarmoyasi 4 barobarga oshib, 11 milliard AQSH dollariga yetdi.

So‘nggi 5 yil ichida Xitoy kompaniyalari soni ortib, 1900 tadan oshdi. Infratuzilma, kimyo sanoati, energetika, suv xo‘jaligi, transport, kommunikatsiya kabi turli sohalarda ko‘plab qo‘shma loyihalar amalga oshirildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish o‘rinliki, “Weixin” – Xitoyning lahzali xabar almashish ijtimoiy media va mobil tarmog‘i hisoblanadi. U 2018 yilda oyiga bir milliarddan ortiq faol foydalanuvchiga ega bo‘lgan dunyodagi eng yirik mustaqil mobil ilovaga aylandi.

O‘zA