So‘nggi yillarda respublikada ishbilarmonlik va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, eskirgan, zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni takomillashtirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur yo‘nalishlarda olib borilgan ishlar litsenziyalash va ruxsat berish tizimini liberallashtirish hamda institutsional isloh qilishning yangi bosqichini boshlash uchun mustahkam asos yaratdi.

Xususan, so‘nggi besh yilning o‘zida 400 dan ortiq litsenziya yoki ruxsatnomadan 132 tasi bekor qilindi, shuningdek, bu yo‘nalishda 34 ta faoliyat turlari xabardor etish tartibiga o‘tkazildi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 avgustdagi farmoni bilan litsenziyalash sohasida jami 52 ta tartib-taomillar bekor qilindi hamda 23 ta faoliyatni vakolatli organni xabardor qilgan holda boshlash tartibi yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur farmon bilan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari elektron tarzda “Litsenziya” axborot tizimi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirilishi belgilandi.

“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun bilan jami 208 ta litsenziyalash (49 ta), ruxsat berish (123 ta) hamda xabardor qilish (36 ta) tartib-taomillari ro‘yxati tasdiqlandi hamda soha faoliyatini tartibga solishning yagona mexanizmlari belgilandi.

Natijada tadbirkorlik sohasida ruxsat berish tartiblarini tartibga soluvchi Hukumatning 250 dan ortiq qarorlari va 3 ta qonun o‘z kuchini yo‘qotgan deb topildi.

Shuningdek, litsenziyalash va ruxsat berish sohasidagi qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish orqali normativ-huquqiy hujjatlar sonini qisqartirish hamda axborot tizimlaridan foydalangan holda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tishning yagona tartibi qabul qilindi.

Shu bilan birga, olib borilgan tahlillar sohada ortiqcha byurokratik tartibotlarning mavjudligini, eskirgan yoki o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ruxsat berish talablaridan tadbirkorlar o‘tishga majbur bo‘layotganini ko‘rsatmoqda.

Xususan, ayrim turdagi litsenziya yoki ruxsatnomalarni olishda tegishli talab va shartlarning yuqoriligi katta sarf-xarajatlarga asoslangan yuqori tavakkalchilikni keltirib chiqarmoqda.

Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonuni bilan litsenziyalash, ruxsat berish hamda xabardor qilish tartib-taomillari ro‘yxati tasdiqlandi hamda soha faoliyatini tartibga solishning yagona mexanizmlari belgilandi.

Biroq, mazkur qonunni chetlab o‘tish maqsadida davlat organlari tomonidan yangi turdagi ruxsat etish xususiyatiga ega ma’muriy tartib-taomillarni joriy etish holatlari yo‘q emas.

Jumladan, aslida mazmunan ruxsat berish hisoblangan faoliyatlar “reyestrga kiritish”, “akkreditatsiya qilish”, “ro‘yxatdan o‘tkazish”, “hisobga qo‘yish” va “avtorizatsiyalash” kabi atamalar ostida tartibga solishga harakatlar kuzatilmoqda.

Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda ruxsat etish xususiyatiga ega bo‘lgan jami 100 dan ortiq (shundan ro‘yxatdan o‘tkazish 26 ta, reyestrga kiritish 33 ta, hisobga olish 27 ta va akkreditatsiya qilish 22 ta bo‘yicha) davlat xizmatlari xatlovdan o‘tkazildi.

Bundan tashqari, qonunchilikda tadbirkorlarning biznesga qulay kirishi yoki o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yib olishda “ko‘maklashuvchi” mexanizmlarni ko‘paytirishga ehtiyoj mavjud.

Uchinchidan, tadbirkorlik sub’ektlari litsenziya olishda bir xil bo‘lgan tartibotlardan qayta-qayta o‘tishga majbur bo‘lmoqda. Masalan, talabgor ekologik, yong‘in xavfsizligi hamda sanitariya talablarining bajarilgani haqida xulosa olgandan so‘ng litsenziya olishda ushbu organlar bilan mazkur talablar bo‘yicha yana bir kelishishga majbur bo‘lishadi.

Yuqoridagi kabi muammolar 2023 yilning 18 avgust kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida, shuningdek joriy yilning 8 yanvar kuni aholi bandligini oshirish hamda tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirishga oid takliflar taqdimotida davlatimiz rahbari tomonidan alohida ta’kidlandi.

Shunga ko‘ra, litsenziyalanadigan va ruxsat berish tartibotlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha boshlangan islohotlarning ikkinchi bosqichini o‘tkazish hamda ushbu yo‘nalishda byurokratik to‘siqlarni yanada qisqartirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Farmonda quyidagilar belgilanmoqda. Xususan, 8 turdagi hujjat to‘liq bekor qilinmoqda. Masalan, bojxona tashuvchilarini reyestrga kiritish, yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqini boshqa shaxsga berish to‘g‘risida qaror.

6 turdagi hujjat birlashtirish yo‘li bilan bekor qilinmoqda. Xususan, eksport nazorati ob’ektlarini olib chiqish uchun ruxsatnoma hamda maxsus tovarlar eksporti va importi uchun litsenziya birlashtirilmoqda.

3 ta litsenziya va ruxsatnoma xabarnoma tartibiga o‘tkazilmoqda. Bular turagentlik faoliyati, I toifadagi (yakka tartibdagi uy-joylar) ob’ektlarining arxitektura shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va yuridik maslahatlar ko‘rsatish faoliyatlari.

Tadbirkorlarga 15,3 mingdan ziyod ushbu turdagi litsenziya va ruxsatnomalar berilgan bo‘lib, ularning bekor qilinishi natijasida tadbirkorlarning 28 milliard so‘m xarajati tejaladi.

Jarimalarni o‘z vaqtida to‘lashni rag‘batlantirish maqsadida tadbirkor litsenziyalash va ruxsat berish sohasida qonunbuzilish sodir etganlik uchun moliyaviy jarimaning 50 foizini 15 kun, 70 foizini 30 kun ichida to‘laganda jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod etilmoqda.

Litsenziya yoki ruxsatnomani berish jarayonida video aloqa yordamida talabgorlarni masofadan turib baholashga ruxsat etilmoqda.

Tadbirkorlik sohasida quyidagi majburiy talablar bekor qilinmoqda:

– chiqish turizmini amalga oshirishda 15 ming dollar miqdoridagi mablag‘larni Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish.

Bunda, xavfni majburiy sug‘urta qilish tartibini joriy qilish orqali favqulodda holatlarning oqibatlari oldi olinadi. Natijada 1,6 ming nafar tadbirkor ixtiyorida 24,5 million dollar qoladi.

– joylashtirish vositalarini sertifikatlashtirish uchun arizaga kadastr hujjatlarini talab qilish;

– tadbirkorlarning transport vositasini texnik ko‘rikdan o‘tkazish joylarini yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan belgilash;

– kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash faoliyati faqat sayyor shaklda amalga oshirilganda binolarning mavjud bo‘lishi.

2024 yil 1 martdan 2025 yil 1 martgacha eksperiment tariqasida 2 ta faoliyatni (rentgendan foydalanish va veterinariya laboratoriya-diagnostikasi) boshlash uchun 3 oygacha “o‘tish va moslashish davri”ni belgilaydigan “Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimi joriy etilmoqda.

Bunda litsenziya va ruxsatnoma olmasdan vakolatli organni xabardor qilgan holda 3 oy davomida faoliyat amalga oshirishga ruxsat etiladi. Tadbirkor 3 oy davomida o‘z faoliyatini tegishli talablarga muvofiqlashtirib, tegishli litsenziya yoki ruxsatnomani belgilangan tartibda oladi yoki mazkur faoliyatni amalga oshirishni to‘xtatadi.

Mazkur farmon qabul qilinishi tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish mexanizmlarini yanada optimallashtirish, mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhitini mustahkamlash hamda aholi qatlamlarini tadbirkorlikka keng jalb qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Farmon qabul qilinishi natijasida aholi va tadbirkorlarning 40  milliard so‘mdan ortiq mablag‘lari tejalishi hamda tadbirkorlarning tegishli faoliyatlarini amalga oshirishda majburiy talablarga amal qilish bilan bog‘liq qariyb 320 milliard so‘m mablag‘larining kelgusida o‘zlarida qolishiga erishiladi.

O‘z navbatida, Adliya vazirligi litsenziyalash va ruxsat berish sohasida pragmatik o‘zgarishlarni davom ettirish maqsadida tahlil ishlarini davom ettirmoqda. Biz barcha tadbirkorlik sub’ektlarini sohadagi mavjud muammolar, byurokratik to‘siqlar yoki litsenziyalovchi organlarning g‘ayrihuquqiy qilmishlari haqida ma’lumot bo‘lsa, bizga ma’lum qilishlarini so‘rab qolamiz.

X.Meliyev,

Adliya vazirligi mas’ul xodimi

O‘zA