Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi o‘tgan yil davomida aholini tashvishga solayotgan, shuningdek, mamlakat miqyosida dolzarb bo‘lib turgan muammoli masalalarni hal etish ustida qizg‘in ish olib bordi.

Ularning yechimiga Hukumat, mas’ul vazirlik va idoralar e’tibori qaratildi hamda masalalarni hal etish choralari ko‘rildi.

Jumladan, yalpi majlisda Nazarbek ko‘prigi atrofida yer osti yo‘li (tonnel) qurilishi kechikayotgani aholiga noqulayliklar keltirib chiqarayotgani qayd etilgan edi.

Zangiota tumanidagi jamoatchilik vakillarining Senatga qilgan murojaati qo‘mita tomonidan o‘rganildi hamda mazkur masala yalpi majlisda muhokama qilingandan so‘ng ushbu holat Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va Toshkent viloyati hokimligi nazoratiga olindi hamda masala qisqa muddatda o‘z yechimini topdi.

Qo‘mita tomonidan ko‘tarilgan ko‘p kvartirali uylar va aholi gavjum bo‘ladigan ob’ektlarda foydalaniladigan liftlar bilan bog‘liq muammolar Vazirlar Mahkamasi tomonidan o‘rganib chiqildi.

2023 yil 15 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2024 yil 1 martdan boshlab ko‘p kvartirali uylarda lift va eskalatordan foydalanish bilan bog‘liq kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan aniq choralar belgilandi.

Shu bilan birga, “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli chipta sotish kassalari faoliyatida eskirgan byurokratik usullar hamon saqlanib qolayotgani, fuqarolar tomonidan o‘z yaqinlari uchun chipta sotib olish jarayonida ulardan fuqarolik pasportining asl nusxasi talab etilayotgani, asl nusxasi taqdim etilmaganda esa chipta sotilmayotgani ma’lum qilingan edi. Vazirlar Mahkamasi tomonidan mazkur masala ham batafsil o‘rganilib, chiptalar savdosi bilan bog‘liq kamchiliklar va qonunbuzarliklarga chek qo‘yish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rildi hamda bu choralar ijrosi qat’iy nazoratga olindi.

Qo‘mitaning 2023 yildagi faoliyati bo‘yicha hisoboti va 2024 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan majlisda shu kabi natijalar yig‘ilish ishtirokchilariga taqdim etildi.

Majlisda o‘tgan yil davomida 41 masala ko‘rib chiqilgani qayd etildi.

“Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi  qonun yo‘llarda fuqarolarimiz xavfsizligini ta’minlashga, yo‘l harakatini tashkil etish to‘g‘ri va tizimli yo‘lga qo‘yilishiga, Davlat boshqaruvi va vakolatli organlar o‘rtasida samarali hamkorlik tizimlari joriy qilinishiga, shuningdek, yo‘l harakati ishtirokchilarining huquq va manfaatlari himoya qilinishiga xizmat qilmoqda.

Qo‘mita o‘tgan yilda qonunchilik faoliyati bilan birga nazorat-tahlil faoliyatiga ham alohida e’tibor qaratdi.

Xususan, mamlakatimizda aholi o‘rtasida is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar hamda tegishli qonunchilikka rioya qilish holati yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish va natijalarning muhokamasi jamoatchilikning e’tiborini tortdi.

Yer qa’ri uchastkalarida oltin izlovchilar usulida qimmatbaho metallarni qazib olishda amaldagi qonunchilik normalarining ijro etilishi holati yuzasidan olib borilgan   o‘rganishlar natijalari qo‘mita majlisida qizg‘in muhokama qilindi.

O‘tgan yil davomida qo‘mita a’zolari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 5 ming 437 murojaat, shundan 2 ming 373 murojaat Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar tomonidan ko‘rib chiqildi. Joylarda esa jami 4 ming 598 nafar fuqaro qabul qilindi.

Shu bilan birga, tegishli hudud va saylovchilar manfaatlariga taalluqli muammolarni hal etish borasida parlament nazoratining senator so‘rovi shaklidan yigirma marotaba foydalanildi.

Bundan tashqari, o‘tgan 2023 yilda senatorlarning qat’iyatliligi bilan joylarda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash, ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlash, elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish, umuman saylovchilarni tashvishga solayotgan muammolarni hal qilish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, senator tashabbusi bilan Toshkent viloyati, O‘rta Chirchiq tumanidagi Changtepa mahallasi to‘liq ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Surxondaryo viloyati bo‘yicha ham aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash, elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish bo‘yicha salmoqli ishlar bajarildi.

Qo‘mita majlisida 2024 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlarga ham qisqacha to‘xtalib o‘tildi.

 

Norgul Abduraimova,  

O‘zA