Bank, to‘lov tizimi, to‘lov tashkiloti, elektron tijorat platformasi ilovalari orqali xizmatlarni ko‘rsatishda telekommunikatsiyalar sohasida faoliyat yuritish uchun litsenziya talab etilmasligi qonunchilikda mustahkamlab qo‘yilmoqda. Shuningdek, telekommunikatsiyalar sohasida davlat nazoratini amalga oshiruvchi maxsus vakolatli davlat organi belgilanmoqda.

Bu kabi tartiblarni o‘zida aks ettirgan “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi va Raqamli texnologiyalar vazirligi hamkorligida o‘tkazilgan seminarda qizg‘in muhokama qilindi.

Seminarda mazkur qonun loyihasini ishlab chiqish zarurati, unda aks ettirilayotgan yangi normalar va tadbirkorlik hamda fuqarolar uchun yaratilayotgan yengilliklar xususida so‘z yuritildi.

– Amaldagi “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan bir qator qoidalar eskirgan va bugungi kun talabiga javob bermaydi, – dedi deputat Shuhrat Sharofutdinov. – Jumladan, mavjud tartibga solish mexanizmlari va atamalar o‘z ahamiyatini yo‘qotgani sababli amaliyotda noto‘g‘ri talqin qilish holatlari va sohaning rivojlanishiga to‘siqlar paydo bo‘lmoqda. Ushbu qonun loyihasi bilan aholiga va telekommunikatsiya sohasida faoliyat yurituvchi sub’ektlarga bir qator qulayliklar yaratilmoqda. Amaldagi “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga oldin mavjud bo‘lmagan qator yangi normalar kiritilmoqda. Jumladan, asosiy atamalar xalqaro normalarga muvofiqlashtirilmoqda, operator va provayderlarning o‘zaro tarmoq xizmatlarini aholiga ko‘rsatiladigan telekommunikatsiya xizmatlaridan farqlash mezonlari kiritilmoqda.

Seminar davomida qonun loyihasi yuzasidan bir qator savollar o‘rtaga tashlandi. Loyihada nazarda tutilgan telekommunikatsiyalar sohasida davlat nazoratini amalga oshiruvchi maxsus vakolatli davlat organi vakolatlarini aniq belgilash, telekommunikatsiyalar sohasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga nisbatan javobgarlik mexanizmini to‘g‘ri belgilash shular jumlasidandir.

Ta’kidlanganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi telekommunikatsiya infratuzilmasidan samarali foydalanish imkoniyatini yaratish orqali xizmatlar qamrovini hamda sifatini oshirishga, Internetdan foydalanish imkoniyatining kengayishi esa aholining davlat xizmatlaridan faol foydalanishlari, elektron tijoratni amalga oshirishlariga xizmat qiladi.

Seminarda ko‘tarilgan savollarga vazirlik va idoralar mutaxassislaridan asoslantirilgan javoblar olindi.

 

M.Komilova, O‘zA