Xitoy Xalq Respublikasi xalqaro maydonda o‘z o‘rniga ega, rivojlangan davlat sifatida iqtisodiy yuksalish va yalpi ijtimoiy mahsulot hajmi bo‘yicha jahonda yetakchi o‘rinlardan birini egallab kelmoqda. Xitoy bilan munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish O‘zbekiston manfaatiga to‘liq mos keladi.

Davlatlarimiz o‘rtasidagi samimiy aloqalar uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, miloddan avvalgi 138 yilda Xitoy imperatori U-Di Chjan Syanni O‘rta Osiyo yerlariga jo‘natadi. Elchi Chjan Syan xunnlarga qarshi kurashish uchun ittifoqchi izlab kelgan edi. Keyinchalik Chjan Syan yurgan yo‘llarda Xitoyni O‘rta va G‘arbiy Osiyo bilan bog‘laydigan karvon izlari paydo bo‘ladi. Bu yo‘l “Buyuk ipak yo‘li” deb atalib, uzunligi 12 000 km edi. O‘z davrida beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan bu yo‘lning dastlabki tarmog‘i Xitoydagi Sian shahridan boshlanib, Sharqiy Turkiston, O‘rta Osiyo, Eron, Mesopotamiya orqali O‘rta Yer dengizigacha cho‘zilgan.

Bundan 32 yil avval Markaziy Osiyodagi besh davlat mustaqillikka erishgach, dastlab kuchli sheriklar topishga intila boshladi. Xitoy Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan keng qamrovli strategik sheriklik o‘rnatgan. “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi ham mintaqa ijobiy tomonga o‘zgarishini ta’minlamoqda.

SHHT, “Bir makon, bir yo‘l” singari Xitoy ishtirokidagi tashabbuslar avvaldan mavjud bo‘lsa-da, rasmiy Pekin Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston bilan yangicha formatdagi sheriklikka ham alohida e’tibor qaratmoqda.

Rivojlanayotgan mamlakatlar sifatida Markaziy Osiyo va Xitoy o‘z xalqi hayotini yaxshilashga intiladi. Mamlakatlarimiz faqat rivojlanish orqaligina xavfsizlik muammosiga barqaror yechim topish mumkinligini yakdil ma’qullashadi.

2013 yil sentyabr oyida Xitoy raisi Si Szinpin Qozog‘istonga tashrif buyurib, birinchi marta qadimgi Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab iqtisodiy belbog‘ni birgalikda tuzish yaxshi fikr bo‘lishi mumkinligini aytdi. Dengiz Ipak yo‘lining qayta tiklanishidan bir oy o‘tgach, bu tashabbus “Bir makon, bir yo‘l” deya nomlandi.

“Bir makon, bir yo‘l” faol ishlaydi, chunki bu jarayon ochiq, shaffof. Sheriklar har qadamda tafsilotni muhokama qilishadi, kelishilgan “yo‘l xaritasi” asosida harakatlanishadi. Tenglik va o‘zaro manfaatdorlik ruhi hukmron.

Bundan tashqari, mazkur g‘oya logistikani muvofiqlashtirishga ham mislsiz ko‘mak beradi. Xitoy – Markaziy Osiyo tabiiy gaz quvuri, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston avtomobil yo‘li, Qamchiq tunneli kabi yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. Natija – 2022 yil umumiy savdo hajmi rekord darajaga chiqdi – 70 000 million dollar. Qiyoslansa, 1992 yil ayni ko‘rsatkich, atigi, 460 million dollar edi.

Chuqurroq tahlil etilsa, gullab-yashnayotgan hamkorlik ildizi uzoq tarixga taqaladi. Markaziy Osiyo G‘arbiy Xitoy bilan ko‘p qirrali aloqaga ega. “Tengri Tag” nomi bilan ham tanilgan Tiyonshon tog‘i bo‘ylab insonlar o‘rtasidagi almashinuv 2000 yil oldin boshlangan va bugungi kunda ancha mustahkam asosga ega.

– Ma’lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yangi O‘zbekistonni barpo etish kun tartibida ekologiya va atrof-muhitni asrash masalalari muhim o‘rin egallamoqda, yashil energetikani faol rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda, – deydi XXRning O‘zbekistondagi elchisi Yuy Szyun. –  Prezident Shavkat Mirziyoyev “Bir makon, bir yo‘l” uchinchi xalqaro hamkorlik forumida ishtirok etib, yashil taraqqiyot bo‘yicha oliy darajadagi forumda birinchi bo‘lib nutq so‘zladi. O‘zbekiston yetakchisi Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq jiddiy muammolarga xalqaro jamoatchilik e’tiborini qaratdi, “Yashil ipak yo‘li” tashabbusini qo‘llab-quvvatladi, xalqaro hamkorlik doirasida ushbu loyihani kengaytirish, bu yo‘nalishda qator aniq choralar amalga oshirishni taklif qildi.

O‘zbekiston rahbarining nutqi yashil taraqqiyotga intilish muhimligini, butun insoniyatning ertangi kuni uchun mas’uliyatni aks ettiradiki, buni Xitoy tomoni yuqori baholaydi. Nutqda ilgari surilgan tashabbuslar “Makon va yo‘l” doirasida yashil taraqqiyotga erishish borasidagi Pekin yondashuviga hamohang.

E’tirof etish kerak, 2023 yilning o‘zida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Xitoy yetakchisi Si Szinpin bilan ikki bor uchrashdi. Uchrashuvlarda yetakchilar o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishildi. Ikki tomonlama munosabat bo‘yicha rejalar ishlab chiqildi. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik ijobiy sur’at bilan rivojlanmoqda. Hududlar o‘rtasida aloqa faollashgan. O‘zbekistonga Shinjon-Uyg‘ur muxtor tumani, Shandun, Shensi, Szyansu va Szyansi muzofotlari delegatsiyalari tashrif buyurdi. Madaniy-gumanitar aloqa va ta’limdagi almashinuvni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezident Si Szinpin ta’kidlaganidek, o‘zaro manfaatli hamkorliksiz ulug‘vor vazifalarni yengib, yaxshi maqsadga erishish mumkin emas. Axir boshqalarga yordam berish orqali siz o‘zingizga yordam berasiz. Boshqalarning rivojlanish muvaffaqiyati va iqtisodiy o‘zaro bog‘liqligini tahdid va xavf sifatida qabul qilish hech qanday o‘sishga olib kelmaydi. Xitoy bozorga kirishni osonlashtirish, islohotlarni chuqurlashtirish, ko‘proq mamlakatlar bilan erkin savdo bitimlari va investitsiyalarni himoya qilish bo‘yicha bitimlar tuzish, “Bir makon bir yo‘l” doirasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va mahalliy bandlik va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishni davom ettiradi. Bu qadamlar dunyo mamlakatlarini modernizatsiya qilish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mazkur tashabbus rivojlanish yo‘lidagi asosiy sabablar va to‘siqlarni bartaraf etishga, ishtirokchi mamlakatlarning mustaqil rivojlanish salohiyatini oshirishga va barqaror rivojlanishga erishishga ko‘maklashishga qaratilgan. “Bir makon bir yo‘l”  tashabbusi Xitoyda paydo bo‘lgan, ammo butun dunyo bo‘ylab foyda va imkoniyatlar olib keladi. Bu rivojlanish, hamkorlik va ochiqlik tashabbusidir. U rivojlanishga yo‘naltirilgan bo‘lib, o‘zaro manfaatlarga yordam beradi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbari tomonidan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari Yangi O‘zbekistonni barpo etish kun tartibida muhim o‘rin tutadi. Yangi energetikani faol rivojlantirish va iqtisodiy taraqqiyotning yashil o‘zgarishiga ko‘maklashishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Xitoy tomoni yangi energiya manbalari, innovatsiyalar, hududlararo almashinuv sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni qo‘llab-quvvatlaydi va yuqori sifatli o‘zbek mahsulotlari importini oshirishdan manfaatdor.

Shuningdek, Xitoy ko‘proq o‘zbekistonlik talabalarni qabul qilishga va stipendiya kvotalari hajmini oshirishga e’tibor qaratmoqda. Ikki davlatning madaniy markazlarini tashkil etish va Luban ustaxonasini ochish ishlarini jadallashtirish, qashshoqlikni qisqartirish sohasida almashinuv va hamkorlikni faollashtirish ustida ish olib borilmoqda.

O‘zbekiston qashshoqlikka qarshi kurash bo‘yicha Xitoy tajribasini o‘rganish va joriy etishdan manfaatdor hamda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida iqtisodiyot va savdo, sarmoya, transport va boshqa sohalarda muloqot va hamkorlikni chuqurlashtirishga intilmoqda.

O‘tgan 10 yil davomida Xitoy tashabbusi doirasida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik ijobiy natijalarga erishdi. Xususan, siyosiy muloqot chuqurlashdi. Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik mustahkamlanmoqda. Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigi va asosiy sarmoya manbai hisoblanadi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilda Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 9 milliard 400 million AQSH dollarini tashkil etdi. 2017 yildan buyon Xitoyning O‘zbekistonga kiritgan jami sarmoyasi 4 barobarga oshib, 11 milliard AQSH dollariga yetdi.

So‘nggi 5 yil ichida Xitoy kompaniyalari soni ortib, 1900 tadan oshdi. Infratuzilma, kimyo sanoati, energetika, suv xo‘jaligi, transport, kommunikatsiya kabi turli sohalarda ko‘plab qo‘shma loyihalar amalga oshirildi.

Transport aloqasi darajasi oshib bormoqda. Ayni paytda O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi “Xitoy – Markaziy osiyo” gaz quvuri barqaror ishlamoqda, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” avtomobil yo‘li hamda “Xitoy – Qozog‘iston – O‘zbekiston” temir yo‘li bo‘ylab transchegaraviy tashish samaradorligi ta’minlanmoqda.

Xitoy tashabbusi tufayli Markaziy Osiyo davlatlari sharqda dengizga qulay va samarali chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Xitoyning Szyansu provinsiyasidagi Lyanyungan porti orqali O‘zbekistondan Yaponiya, Janubiy Koreya va Janubi-sharqiy Osiyo kabi boshqa davlatlarga tovarlar yetkazib berish odatiy holga aylangan.

“Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘liga kelsak, ushbu loyiha “Xitoy-Markaziy Osiyo-G‘arbiy Osiyo” iqtisodiy koridorini takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega. Xalqaro tashishni soddalashtirish va xalqaro ta’minot zanjiri xavfsizligini ta’minlashga yordam beradi. Hozirda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanishi yakunlandi. Uch tomon qurilishni tezroq boshlash uchun shart-sharoit yaratishga intilib, aniq ishlarni muvofiqlashtirishni faollashtirmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kunda Markaziy osiyo, ayniqsa, O‘zbekiston va Xitoyni yaqin do‘st, hamkor sifatida birlashtirgan qadriyatlar talaygina. Ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlari esa ushbu qadriyatlarni yanada yuksaltirmoqda. Erishilgan natijalar esa O‘zbekiston — Xitoy munosabatlarida yangi sahifa ochadi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA muxbiri