Taxminlarga ko‘ra, 2024 yilda Ukraina davlat byudjetiga 33 milliard yevro kerak bo‘lishi aytilmoqda. Garchi Vengriya tomonidan qarshiliklar bo‘layotgan bo‘lsada, Ittifoqchilar Kiyevni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. O‘tgan yil oxirida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘zining videomurojaatida G‘arb ittifoqchilarini yana 2024 yilda ham Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Kiyev shu kungacha ham g‘arb davlatlaridan mamlakat byudjeti uchun, shuningdek, qurol va o‘q-dorilar yetkazib berish ko‘rinishidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy yordamlar oldi.
Ukraina moliyaviy vaziri Sergey Marchenko “Forbes” nashriga bergan intervyusida: 2023 yilda Ukraina byudjetiga chet ellik sheriklardan 38 milliard yevro tushganligini tasdiqladi va bu pullar fuqarolarga ish haqi to‘lash, muhim infratuzilmani saqlab qolish uchun ishlatilganini aytdi. Bu yil qanday bo‘ladi? Bu masala Ukraina rahbariyatini o‘ylantirib turgan eng katta muammolardan biri hisoblanadi. Ukraina Moliya vazirining so‘zlariga ko‘ra, bu yilgi xarajatlar uchun yana 33 milliard yevro zarur bo‘ladi. Italiya, shuningdek, YeI raisligidagi Katta yettilik 2024 yilda Kiyevga uzoq muddatli moliyaviy yordam ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatini davom ettirishini bildirgan.
Vengriya Ukrainaga yordam berishga to‘sqinlik qilmoqda
Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Ukraina masalasida o‘zining qarshi pozitsiyasini muntazam ravishda namoyish etib keladi. Bu albatta YeIning umumiy fikriga zid keladi. Masalan, o‘tgan yilning dekabr oyida bo‘lib o‘tgan YeIning so‘nggi sammitida u o‘z veto huquqidan Ukrainaga 2026 yilgacha 50 milliard yevro miqdorida uzoq muddatli yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarorni bloklash uchun foydalangan. Biroq agar Vengriya joriy yilning fevralida bo‘lishi kutilayotgan YeIning maxsus sammitida yordam berishga qarshi ovoz bersa ham bu Ukraina Yevropa pullarini olmaydi degani emas. Bu haqda Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel o‘tgan yili bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilgan edi.
Ukrainaga yordam berish uchun maxsus jamg‘arma
Eslatib o‘tamiz, Yevrokomissiya Ukrainaga uzoq muddatli makroiqtisodiy moliyaviy yordamni muntazam YeI byudjetidan ajratishni taklif qilgan edi. Bu yo‘ldan o‘tgan yili Kiyevga bir necha ko‘rinishda 18 milliard yevro taqdim etish uchun foydalanilgan. Agar Vengriya o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmasa, Yevropa Ittifoqiga a’zo qolgan davlatlar Yevropa byudjeti bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan, Ukrainaga yordam berish uchun jamg‘arma tashkil etishni rejalashtirmoqda. Jamg‘armani to‘ldirish uchun kreditlar olinadi, kafolatlar YeI a’zo davlatlar tomonidan taqdim etiladi. Albatta, Vengriya bundan mustasno. Bu jamg‘arma qanday ishlaydi? Misol uchun, Jamg‘arma mablag‘lari Kiyevga 35 yilga foizsiz kredit shaklida o‘tkaziladi va foizlarni YeI to‘laydi. Bundan tashqari, YeIga a’zo davlatlarning badallari hisobidan to‘ldiriladigan “Tinchlik jamg‘armasi” deb nomlangan yana bir maxsus YeI jamg‘armasi mavjud. Bu jamg‘arma Ukrainaga harbiy yordamni moliyalashtiradi yoki Ukrainani qurol bilan bevosita ta’minlovchi davlatlarga tovon to‘laydi. 2023 yilda ushbu loyiha orqali Kiyevga 5,6 milliard yevro yordam berilgan. Umuman olganda, urush boshlanganidan beri Ukraina Qurolli Kuchlari YeI va alohida Yevropa davlatlaridan umumiy qiymati 27 milliard yevro bo‘lgan bepul harbiy yordam olgan. Yordam hajmi bo‘yicha qit’ada yetakchi Germaniya bo‘lib, 17 milliard yevro ajratgan. G‘arb davlatlari orasida esa Ukrainaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha Germaniya AQSHdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.
Bu borada AQSHning pozitsiyasi qanday?
Kongress hali Ukrainaga yordam bo‘yicha qaror qabul qilgani yo‘q. Qo‘shma Shtatlar 2023 yilda Ukrainaga faqat 44 milliard yevro harbiy yordam bergan. Amerika prezidenti Jo Bayden 2024 yilda urushdan jabr ko‘rgan Ukrainaga yana 55 milliard yevro harbiy va moliyaviy yordam ajratishga va’da berdi. Hozircha AQSH Kongressidagi Respublikachilar partiyasi bu rejani qo‘llab-quvvatlamadi. Agar respublikachilar o‘zlarining qat’iy fikrlarini o‘zgartirmasalar, Kiyevning moliyaviy va harbiy salohiyati sezilarli darajada yomonlashishi mumkin. Agar AQSHning yordami kamaysa, boshqa davlatlar bu bo‘shliqni to‘ldira oladimi yoki yo‘qmi, shubhali. Chunki, bu yerda gap faqat pul haqida emas, balki AQSHda mavjud bo‘lgan qurol va o‘q-dorilar haqida bormoqda. YeI davlatlari esa aynan Ukraina armiyasini artilleriya o‘qlari bilan ta’minlashda qiyinchiliklarga duch kelishmoqda.
Rossiyaning muzlatilgan aktivlari taqdiri nima bo‘ladi?
Ayni paytda Italiya G7 davlatlarini Ukrainaga moliyaviy va harbiy yordam ko‘rsatishni kuchaytirishga chaqirmoqchi. Hozir yordam tariqasida Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan qanday foydalanish mumkinligi haqida o‘ylashmoqda. Lekin, G7 mamlakatlari bu aktivlardan qay tarzda foydalanish mumkinligi borasida bir yechimga kelishmagan.
Shunday qilib, «Financial Times» gazetasining xabar berishicha, nihoyat, G7 ya’ni, «Katta yettilik» Rossiya Federatsiyasining chet eldagi muzlatilgan aktivlaridan olingan 300 milliard yevro miqdoridagi daromaddan foydalanish bo‘yicha aniq rejani taqdim etishini ta’kidlamoqda. Belgiyaning Kliring bankining o‘zida 191 milliard yevro borligi aytilmoqda. Bu pul sanksiyalar natijasida muzlatilgan bo‘lsada, hali ham Rossiya tomoniga tegishli hisoblanadi. Belgiya esa Rossiya aktivlaridan olingan foyda soliqlarini Ukrainaga o‘tkazishga tayyorligini bildirmoqda. Ammo YeIning so‘nggi sammitida bir qator davlatlar, jumladan, Germaniya, Fransiya va Italiya bunday qadamning qonuniyligiga shubha bildirmoqda. Masalan, Italiyaning bu masalada qonuniy taraflarni o‘ylayotganida ham jon bor. Chunki, Italiya o‘z sanoatiga qarshi Rossiya tomonidan qo‘llanishi mumkin bo‘lgan sanksiyalardan qo‘rqadi. Shu sababli hozirgacha Rossiya Federatsiyasining muzlatilgan aktivlaridan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun foydalanish rejasi YeIning hamma mamlakatlari tomonidan birdek qo‘llab-quvvatlanmadi. Endi Qo‘shma Shtatlar G7 orqali uni amalga oshirishga harakat qilmoqda. Bunday qaror Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlaganining ikki yilligi arafasida bo‘lib o‘tadigan maxsus sammitda qabul qilinishi kerak. Hozircha faqat AQSH, Kanada va Buyuk Britaniya muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalanish tarafdori. Lekin boshqa ittifoqchilar fikri qanday bo‘ladi, bu faqat maxsus sammitda ma’lum bo‘ladi.
Internet materiallari asosida K.Bekjanov tayyorladi, O‘zA