Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev yangi yil bayrami arafasida bir guruh sportchilar va ularning murabbiylari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Jo‘qorg‘i Kenges Raisi Prezidentimiz rahbarligida so‘nggi yillarda mamlakatimizda “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oya asosida ko‘plab ishlar amalga oshirilayotgani, xalqimizning farovon hayotini ta’minlash borasida bir qancha amaliy ishlar bajarilayotganini ta’kidladi. Shu jumladan, barcha yo‘nalishlar qatorida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, bu bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar bajarilayotgani qayd etildi.

O‘tgan 5 yil davomida faqatgina sportni rivojlantirish uchun 416 ta ob’ekt yangidan qurilib, bugungi kunda ularning soni 3 ming 604 taga yetdi. Shu bilan birga, joriy yilda bir qator sport ob’ektlarida qurilish ishlari olib borildi. Yoshlar orasida ommaviy sportni keng targ‘ib qilish maqsadida 7,8 milliard so‘mlik 41 ta sport maydonchasi qurilib, foydalanishga topshirildi. Jo‘qorg‘i Kenges Prezidiumining alohida qarori asosida sport bellashuvlarini o‘tkazish uchun 3,2 milliard so‘m va sportchi yoshlarning vaqtida vitaminizatsiya bilan ta’minlanishi va vazn saqlashi uchun 1,4 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi. Bunday yaratilayotgan sharoitlar sportchilarimizni yangidan-yangi muvaffaqiyatlar sari yetaklamoqda.

Shu bilan bir qatorda  futbolni rivojlantirish, “Aral” va “Jayxun” klublarini qo‘llab-quvvatlash uchun joriy yilda mahalliy byudjet hisobidan 7 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Kelgusi yil uchun ham bir qator rejalar belgilab olinib, bu yo‘nalishda 2024 yilgi investitsiya dasturi doirasida jami 4 ta sport ob’ektida 52.2 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Uchrashuvda bir guruh sportchilar va ularning ustozlari taqdirlandi. Jumladan, Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilgan 19-yozgi Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida 3 ta oltin va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan sportchilarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Shu bilan bir qatorda, shu yilning 4-14 avgust kunlari Belarusning Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan Mustaqil davlatlar hamdo‘stlik kengashi o‘yinlarida munosib ishtirok etgan sportchilar ham taqdirlandi.

 

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri