Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish jarayonida qator jiddiy qadamlarni tashladi, Anqara ushbu harakatlar davomli bo‘lishiga umid qiladi, deb ta’kidladi Turkiya prezidentining bosh maslahatchisi, elchi Akif Chig‘atoy Qilich.
Turkiya parlamentining xorijiy ishlar bo‘yicha komissiyasi seshanba kuni ko‘pchilik ovoz bilan Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishi to‘g‘risidagi protokolni ma’qulladi. Ayni paytda hujjat ko‘rib chiqish uchun parlamentga jo‘natilgan.
“Shvetsiya o‘zining qonunchiligiga hamda konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritdi. NATOning Madrid sammitidan keyin Shvetsiya ushbu yo‘nalishda jiddiy qadamlarni tashladi. Biz bunday o‘zgarishlar yanada ko‘proq bo‘lishiga umid qilamiz. Qonun loyihasi parlament komissiyasi tomonidan qabul qilingan, so‘nggi so‘zni Bosh assambleya aytadi”, – degan bosh maslahatchi TRT Haber telekanaliga bergan intervyusida.