Janubiy Koreya Shimoliy Koreya tomonidan ortib borayotgan harbiy tahdidga javoban AQSHdan yana 20 ta F-35A qiruvchi samolyot sotib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi, deb xabar tarqatdi “Ryonxap” agentligi Mudofaa xaridlari dasturi ma’muriyati (DAPA)ga tayanib.
Xabarda aytilishicha, 8 dekabrda “Lockheed Martin” kompaniyasi bilan jangovar samolyotlarni xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolangan.
DAPA ma’lumotlariga ko‘ra, yangi F-35A samolyotlari 2027 yildan yetkazib berila boshlaydi. Mashinaning jangovar imkoniyatlari va xavfsizlikni ta’minlash vazifalari ancha kuchaytirilgan.
Janubiy Koreya harbiy havo kuchlari AQSHdan 2019-2022 yillarda 39 ta F-35A qiruvchi samolyotlarini sotib olgan edi.
«Ryonxap» agentligining ma’lum qilishicha, Janubiy Koreya hozirgacha 410 ta qiruvchi samolyotga ega. Shimoliy Koreyada esa taxminan 810 ta jangovar samolyot bor, biroq BMT sanksiyalari tufayli ularning foydalanish darajasi ancha pasaygan. Pxenyanning eng ilg‘or samolyoti 1970 yillarda ishlab chiqarilgan MiG-29 hisoblanadi, deyiladi xabarda.