Davlatimiz rahbari 2023 yil 21 dekabr kuni “Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon hamda mazkur farmon ijrosini ta’minlash maqsadida “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Mamlakatimizda oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini hamda bandligini oshirish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, gender tengligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida davlat boshqaruvi va jamiyat hayotida xotin-qizlarning faolligi oshdi, ayollarni ijtimoiy muhofaza qilish tizimi takomillashdi.

Samarqand viloyatida istiqomat qilayotgan 2 million 78 ming nafardan ortiq xotin-qiz hayotida ham bu o‘zgarishlar o‘z aksini topmoqda.

– Bugungi kunda viloyatimizdagi 1126 mahallada xotin-qizlar faollari faoliyat yuritmoqda, – deydi Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Rahmonova. – Yakuniga yetayotgan yilda ular tomonidan yetti asosiy yo‘nalish bo‘yicha 42 ming nafar xotin-qizning muammolari aniqlanib, 41 mingdan ortiq masala ijobiy hal etildi. Ayni paytda viloyatimizda 730 ming nafar mehnatga layoqatli xotin-qiz bo‘lib, ularning 277 ming nafari iqtisodiyotning rasmiy sektorida, 317 ming nafardan ortig‘i norasmiy sektorda band. Gender tenglikni ta’minlash maqsadida 2021-2023 yillarda viloyatda 12 ming nafar ayol rahbarlik lavozimlariga tayinlandi. Bu o‘tgan yillarga nisbatan 3148 nafarga  ko‘paygan. Lekin Prezidentimiz farmonida qayd etilganidek, xotin-qizlarni fan, ta’lim va ilmiy-ijodiy faoliyatga keng jalb etish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarga o‘qitish, ishlash istagidagi xotin-qizlarning bandligiga ko‘maklashish, tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini hamda rahbar lavozimlardagi ulushini oshirish, shuningdek, huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida bir qator kamchiliklar mavjud. Shu va boshqa masalalarni hal etish, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi faoliyatni samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkazildi. Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimi, viloyat hokimliklarida hokim o‘rinbosarlari – viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmalari boshliqlari, tuman va shaharlarda esa hokim o‘rinbosarlari – oila va xotin-qizlar bo‘limlari boshliqlari lavozimlari tashkil etildi.

Farmonda qo‘mita va uning quyi tuzilmalarining xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada rivojlantirish ularning jamiyatdagi rolini oshirish, huquqiy manfaatlarini himoya qilish, berilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, qonunchilik hujjatlarini qabul qilishda faol ishtirok etish, iqtidorli qizlarni aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash borasida tizimni kuchaytirish, ta’lim, sport, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi chora-tadbirlarni ishlab chiqish va ularni sifatli amalga oshirish yuzasidan vazifalari belgilab berildi.

Shuningdek, mazkur hujjat bilan ilmiy va amaliy tadqiqotlar natijalari asosida erkaklar va xotin-qizlar teng huquqliligini ta’minlash bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari hamda jamiyatda qulay shart-sharoit yaratish maqsadida Oila va xotin-qizlar ilmiy-tadqiqot instituti negizida Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi. Mazkur institut oldida qo‘mita tizimi xodimlari, shuningdek, mahalladagi xotin-qizlar faollarining malakasini oshirish, ularning faoliyatini uslubiy qo‘llab-quvvatlash, oila, xotin-qizlar va gender tenglik masalalariga oid muammolarni chuqur tahlil qilish, natijalari bo‘yicha muammolar yechimi yuzasidan davlat organlari va tashkilotlari uchun tavsiyalar ishlab chiqish va kiritish, uslubiy qo‘llanmalar va targ‘ibot materiallarini tayyorlash, fanlararo fundamental, ilmiy-amaliy tadqiqotlar, sotsiologik so‘rov, ilmiy konferensiyalar o‘tkazish, innovatsion loyihalarni amalga oshirish kabi vazifalar qo‘yildi.

Davlatimiz rahbarining qarorida esa farmonda qayd etilgan vazifa va maqsadlarni amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.

Xususan, 2030 yilgacha barcha davlat organlari, korxona va tashkilotlarida, sud va huquqni muhofaza qilish organlarida boshqaruv xodimlari orasida xotin-qizlar ulushini 30 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

2024 yil 1 fevraldan boshlab kasanachilik, hunarmandchilik yo‘nalishida yangi ish boshlayotgan xotin-qizlarga yordam berish maqsadida ta’lim tashkilotlarida kasb-hunarga o‘qitish kurslari tashkil etiladi. Bunda o‘qish xarajatlari Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Xotin-qizlar.uz platformasi negizida “Band bo‘lmagan xotin-qizlar” moduli ishlab chiqiladi.

2024 yil 1 yanvardan boshlab ishsiz xotin-qizlar zamonaviy milliy liboslarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish maqsadida tadbirkorlik sub’ekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgandan so‘ng bino va inshootning dastlabki uch oylik ijara to‘lovi bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha miqdorda Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi tomonidan qoplab beriladi.

Bundan tashqari, yangi yildan boshlab xotin-qizlarning haq to‘lanadigan jamoat ishlari asosida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida ish yurituvchi bo‘lib ishlashiga o‘n bir oygacha muddatga ruxsat berilmoqda. Ish beruvchilar tomonidan ish o‘rinlari zaxiraga qo‘yiladigan ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar toifalariga oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik natijasida jabrlanganlar ham kiritiladi.

– Qaror bilan amalga oshirilayotgan eng katta o‘zgarishlardan biri oilaviy nizolarni ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar korpusining shakllantirilayotganidir, – deya so‘zida davom etadi Z.Rahmonova. – 2024 yil 1 fevraldan tajriba tariqasida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi ham “Oila sudyalari” tashkil etiladi va ikki nafar sudya oilaviy nizolarni ko‘rishga ixtisoslashadi.

Umuman olganda, davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan hujjatlar mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini yanada oshirish, ularning faolligini kuchaytirish hamda har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqadi va bu pirovardida oilalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

G‘.Hasanov,  

O‘zA muxbiri