Huquqiy munosabat

Dam olish va ishlash qobiliyatini tiklash uchun xodimning yozma arizasi bilan har yili mehnat ta’tili beriladi. Ta’til davomida o‘rtacha ish haqi va lavozim saqlanadi. Barcha xodim, shu jumladan, o‘rindoshlik asosida ishlaydigan xodimlar ham yillik mehnat ta’tiliga chiqish huquqiga ega. Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov bu borada batafsil tushuntirish berdi.

Mehnat kodeksining 229-moddasida har yilgi mehnat ta’tilini uzaytirish yoki uni boshqa muddatga ko‘chirish nazarda tutilgan.

Shuningdek, xodimlar quyidagi hollarda har yilgi mehnat ta’tilini uzaytirish yoki boshqa muddatga ko‘chirish huquqiga ega.

Jumladan, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida, homiladorlik va tug‘ish ta’tilining muddati boshlanganda, har yilgi mehnat ta’tili o‘quv ta’tiliga to‘g‘ri kelib qolganda, davlat yoki jamoat majburiyatlarini bajarayotganda, agar qonunchilikda bunday majburiyatlarni bajarish uchun ishdan ozod etish nazarda tutilgan bo‘lsa, jamoa kelishuvlarida yoki jamoa shartnomasida nazarda tutilgan boshqa hollarda.

Quyidagi toifadagi xodimlarga yoshi va sog‘lig‘ining holatiga qarab, asosiy uzaytirilgan ta’til beriladi: 

18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga – 30 kalendar kun; 

I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga – 30 kalendar kun; 

Davlat organlari xodimlariga – 27 kalendar kun. 

Shuningdek, boshqa toifa xodimlarga ham ularning mehnat vazifalari o‘ziga xosligidan kelib chiqib, uzaytirilgan ta’tillar beriladi.

Jamoa shartnomasi va kelishuvlari, shuningdek, ichki hujjatlar va mehnat shartnomasi bilan ko‘paytirilgan muddatlar belgilanishi mumkin.

Mehnat sharoitlari noqulay ishlarda band bo‘lgan, noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida ish bajarayotgan yoki bitta tashkilotda yoki tarmoqda ko‘p yillik ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga qo‘shimcha ta’tillar beriladi.

Xususan, bir tashkilotda ishlagan har 5 yil uchun xodim ta’tiliga 2 kalendar kun qo‘shiladi. Ammo qo‘shiladigan kunlar soni 8 kalendar kundan oshib ketmasligi kerak.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA