O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining bugun o‘tkazilgan navbatdagi hisobot kongressi doirasida 2023 yilning eng yaxshilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Abdusalom Azizov ishtirok etgan tadbirda Abbosbek Fayzullayev “2023 yilning eng yaxshi futbolchisi” sifatida taqdirlandi.
20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogi sohibi, yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati ishtirokchisi, O‘zbekiston U-20, U-23 va milliy terma jamoada ishonchli o‘yin ko‘rsatib kelayotgan Abduqodir Husanov “Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi” sovriniga loyiq ko‘rildi.
Mamlakatimizda o‘tkazilgan U-20 Osiyo kubogida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan terma jamoamiz bosh murabbiyi Ravshan Haydarov “Yilning eng yaxshi murabbiyi”, deya e’tirof etildi.
Bundan tashqari, “Sevinch” futbol jamoasi a’zosi Lyudmila Karachik “Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi”, “Sevinch” jamoasi murabbiyi Vladislav Xan “Ayollar futboli bo‘yicha yilning eng yaxshi murabbiyi”, Husniddin Nishonov “Yilning eng yaxshi futzalchisi”, “BMB” jamoasi murabbiyi Nodir Eliboyev “Futzal bo‘yicha yilning eng yaxshi murabbiyi” nominatsiyasida g‘olib chiqdi.
Tadbir davomida Indoneziyada o‘tkazilgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatida dunyoning eng kuchli 8 jamoasi qatoridan joy olgan O‘zbekiston U-17 terma jamoasi ham taqdirlanganlar qatorida qayd etildi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining 2023 yilgi faoliyati, amalga oshirilgan ishlar, 2024 yilgi rejalar muhokamasi davomida O‘FA Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan 2023 yilning “Eng yaxshi assotsiatsiyasi”, shuningdek, mamlakatimiz sport tashkilotlari orasida “Yilning eng yaxshi sport federatsiyasi” nomiga loyiq ko‘rilishi ortda qolayotgan sport mavsumi O‘zbekiston futboli uchun har qachongidan ham sermahsul kechganidan dalolat bermoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA