Norma ijodkorligi mamlakatimizda tobora rivojlanib borayotgan huquqiy sohalardan biridir. Bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “aqlli tartibga solish” modeli, tartibga solish ta’sirini baholash, “paket” prinsipi, normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi, gender-huquqiy va ilmiy lingvistik ekspertizasi kabi turlari hamda normativ-huquqiy hujjatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonun hujjatlari sifatida qabul qilish tizimiga o‘tilayotgani shular jumlasidandir.

Shu yil 14 noyabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan Adliya vaziriga norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan parlament so‘rovi yuborilgan edi. Qonunchilik palatasining bugungi majlisida Adliya vaziri A.Toshqulovning ushbu parlament so‘roviga javobi muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, o‘tgan davrda Qonunchilik palatasining tegishli qo‘mitasi tomonidan norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish yuzasidan qator nazorat-tahlil tadbirlari amalga oshirildi. Sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar o‘rganilib, hududlarda aholini o‘ylantirayotgan masalalar tahlil qilindi.

O‘rganishlar natijalari yuzasidan shakllantirilgan parlament so‘roviga berilgan javobda quyidagilar qayd etilgan. 2023 yilning to‘qqiz oyi davomida Adliya vazirligiga 210 ta qonun loyihasi taqdim etilgan bo‘lib, shundan 186 tasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan, 24 tasi esa Vazirlar Mahkamasining Reglamentiga muvofiq holda taqdim etilmagani sababli huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmasdan qaytarilgan.

Huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining 135 tasiga rozilik imzosi qo‘yilgan, 51 tasi rozilik imzosi qo‘yilmasdan e’tirozlar bilan qaytarilgan. Misol uchun, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi (Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi) tomonidan ishlab chiqilgan “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini tayyorlashda “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonun hamda u bilan tasdiqlangan Normativ-huquqiy hujjat loyihalarini, shuningdek, ularga ilova qilinadigan axborot-tahliliy materiallarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning Yagona uslubiyoti talablariga rioya etilmagani bois, qayta ishlash uchun qaytarilgan.

Ushbu davrda huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan 186 ta qonun loyihasiga qonunchilik hujjatlariga nomuvofiqligi yuzasidan 612 ta, qonunchilik texnikasi qoidalariga rioya etilmagani bo‘yicha 193 ta e’tiroz bildirilgan. Shuningdek, mazkur qonun loyihalari yuzasidan 20 ta holatda havolaki normalarning asoslantirilmagani bo‘yicha e’tirozlar bildirilgan.

2023 yilning 9 oyi davomida Qishloq xo‘jaligi vazirligining 49, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining 45, Raqamli texnologiyalar vazirligining 45, Iqtisodiyot va moliya vazirligining 42 foiz loyihalari qonunchilik hujjatlari va yuridik-texnika qoidalariga zid ekanligi, korrupsiyaviy omillar mavjudligi va boshqa e’tirozlar bilan qaytarilgan. Qonunchilik hujjatlari va yuridik-texnika qoidalariga zid hamda korrupsiyaviy omillar mavjud bo‘lgan loyihalar kiritilgani sababli Madaniyat va Raqamli texnologiyalar vazirliklariga taqdimnomalar kiritilgan.

Bundan tashqari, idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan qonunchilik hujjatlariga o‘tkazish, o‘xshash munosabatlarni tartibga soluvchi hujjatlarni unifikatsiya qilish va “tartibga solish gilotinasi” usulini qo‘llagan holda amalda o‘z ahamiyati va dolzarbligini yo‘qotgan hujjatlarni bekor qilish bo‘yicha so‘nggi yillarda tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, 2021-2022 yillar hamda 2023 yilning 9 oyi davomida 802 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjat o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilgan. Ularning 330 tasi yaxlit, 472 tasi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar hisoblanadi. Parlament so‘roviga kelgan javobda keltirilganidek, Normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi amaliyotini muvofiqlashtirish borasida ham qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, 2023 yilning 9 oyi davomida 1 ming 521 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilganda, ularning 228 tasida 350 ta korrupsiyaviy omillar aniqlangan hamda loyiha ishlab chiquvchilariga ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli takliflar berilgan.

Majlisda parlament so‘roviga javob ma’lumot uchun qabul qilindi.

M.Komilova, O‘zA