O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, 2024 yil 1 yanvardan boshlab Abdulla Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot institutida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasasi direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish hamda maxsus portal orqali ularga menejerlik sertifikatini elektron shaklda berish tizimi joriy qilinadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari tomonidan menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan nomzodlar orasidan maktab direktori lavozimiga nomzodlar zaxirasi shakllantiriladi.

Maktab direktori vakant lavozimlariga nomzodlar faqat sertifikati mavjud bo‘lgan nomzodlar zaxirasiga kiritilgan kadrlar orasidan tanlab olinadi.

2024 yil 1 sentyabrdan boshlab menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan quyidagi rahbar xodimlarga ushbu sertifikatning amal qilish muddati davomida lavozim maoshiga hap oylik qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi: 

maktab direktorlariga – 50 foiz;

maktab direktori o‘rinbosarlariga – 30 foiz.

Ushbu qaror bilan Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom ham tasdiqlandi.

O‘zA