O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi.

Unga muvofiq, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi,  uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar) bo‘limlarini tashkil etiladi.

Uyushmaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘ladi: 

mahallaning xalq bilan davlat o‘rtasidagi “ko‘prik” vazifasini amalga oshiruvchi mustaqil va xalqchil tuzilmaga aylanishiga ko‘maklashish;

mahallani jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish, uning jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, mahalla boshqaruvida aholining faol ishtirokini ta’minlash;

har bir fuqaro o‘zi va oilasining kelajagi, moliyaviy ahvoli va farovonligini ta’minlashda mas’uliyatni sezishi, boqimandalikka o‘rganmaslik hissini yanada kuchaytirish bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlarini amalga oshirish;

fuqarolarni o‘z uyi va ko‘chasini ozoda saqlashga, milliy qadriyat va urf-odatlarni hurmat qilishga chaqirish, ma’naviy va ma’rifiy ishlarda mahallaning o‘rnini kuchaytirish, aholi o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash choralarini ko‘rish;

“mahalla yettiligi” tomonidan mahallaning ichki resurslarini aniqlash hamda ularni ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish uchun safarbar etishda ko‘maklashish;

mahallalardagi muammolarning o‘z vaqtida va samarali yechilishida davlat organlari va tashkilotlarining mahallalardagi vakillarining sa’y-harakatlarini birlashtirish, muvofiqlashtirish va yo‘naltirish;

mahallaning moliyaviy imkoniyatlarini oshirish, kambag‘al oilalarga ajratilayotgan byudjet mablag‘lari va boshqa mablag‘larning maqsadli va manzilli yo‘naltirilishini ta’minlash;

mahallalarning moddiy-texnika ta’minotini yaxshilash, ularga ajratiladigan mablag‘larni markazlashgan tarzda taqsimlash, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;

mahalla mas’ullarining malakasini oshirish, ularda zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalari shakllanishiga ko‘maklashish.

Uyushma raisi maqomi, tibbiy, transport va maishiy ta’minot sharoitlari bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

2024 yil 1 martdan boshlab “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish va subsidiyalar ajratishda byurokratiyadan xoli va mahallaning hamjihatligini aks ettiruvchi quyidagi yangi tartib joriy etiladi: 

jismoniy shaxslarni daftarlarga kiritish, shuningdek, daftarlar hamda Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hamda Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish va subsidiyalar ajratish “mahalla yettiligi”ning kollegial qarori asosida amalga oshiriladi;

har oyning 5-sanasiga qadar daftarlar uchun mablag‘larni taqsimlovchi mas’ul tashkilotlar tomonidan jamg‘armalarda shakllangan mablag‘lar daftarlarga kiritilgan fuqarolar soniga mutanosib ravishda tegishliligi bo‘yicha har bir mahalla kesimida taqsimlanadi;

hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli va ijtimoiy xodim ularga yuklatilgan vazifalar yuzasidan jismoniy shaxslarni tegishli daftarlarga kiritish va chiqarish hamda ijtimoiy yordam ko‘rsatish va subsidiyalar ajratish bo‘yicha hujjatlarni shakllantirib, mahalla “yettiligi”ning boshqa barcha a’zolariga ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun kiritadi;

“Temir daftar” Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan yuritiladi.

2024 yil 1 yanvardan boshlab barcha tuman va shaharlarda “Mahalla byudjeti” tizimi joriy etiladi.

O‘zA