O‘zbekiston va Turkiya davlatlari Prezidentlarining qat’iy siyosiy irodasi, ular o‘rtasidagi yaqin, o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlar tufayli ikki tomonlama aloqalar keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqildi.

Bu Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva va Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi Raisi Numan Kurtulmush uchrashuvida qayd etildi.

Muloqotda siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va parlamentlararo sohalarda O‘zbekistonning Turkiya bilan hamkorligining bugungi holati hamda aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Keyingi olti yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,5 marotabaga oshib, Turkiya O‘zbekistonning to‘rtinchi asosiy iqtisodiy sherigiga aylangani qayd etildi. O‘zaro savdo hajmini oshirish va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun imkoniyatlardan yanada kengroq foydalanish lozimligi ta’kidlandi.

Ijtimoiy va madaniy-gumanitar sohalarda aloqalarni yanada kengaytirish uchun ikki davlatda ham salohiyat yetarli ekani, bu borada imkoniyatlarni birlashtirish kerakligiga urg‘u berildi.

Ayniqsa, sog‘liqni saqlash yo‘nalishida kadrlar salohiyatini oshirish, ilm-fan hamda ta’lim sohalarida qo‘shma ilmiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish, talabalar almashinuvini faollashtirish yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston va Turkiyaning qadriyatlari o‘xshashligidan kelib chiqib, oila va xotin-qizlar masalalarida ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi va “O‘zbekiston–Turkiya” parlamentlararo do‘stlik guruhi o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash, qo‘mitalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish bo‘yicha yakdil fikr bildirildi.

N.Abduraimova, O‘zA