Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida bu gal mebel va yog‘ochsozlik sanoatining eng ilg‘or texnologiyasi va uskunalariga keng o‘rin beriladi.

Joriy yilning 28-30 may kunlari o‘tkaziladigan “Ishlab chiqarish texnologiyalari. Yog‘ochsozlik. Mebel va butlovchi qismlar – Mebel Expo Uzbekistan 2024» 20-yubiley xalqaro ko‘rgazmasida 14 mamlakatdan 144 ta kompaniyaning ishtirok etishi kutilmoqda.

“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi menejeri Nodira Hayitboyevaning so‘ziga ko‘ra, yubiley ko‘rgazma ishida yog‘ochsozlik va mebel, butlovchi qismlar, mebel kimyosi, furnitura, aksessuarlar, tayyor mebellar va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun yuqori texnologiyali zamonaviy uskunalar ishlab chiqaruvchilari va yetkazib beruvchilari o‘z ekspozitsiyasini havola etadi.

–O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik iste’mol bozori bo‘lib, aholisi 37 milliondan oshadi. Turar-joy majmualari, ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari, ofis binolari va biznes markazlarining keng ko‘lamli qurilishi tayyor mebel va interer jihozlariga talabning ortib borishiga olib kelmoqda. Aholining sotib olish qobiliyati o‘sib bormoqda, bu esa mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilarning mebel bozorida taklifining oshishiga olib keladi.

Mamlakatning mebel va yog‘ochsozlik sanoatida asosan kichik va o‘rta biznes sub’ektlari faoliyat yuritmoqda. Ushbu soha iqtisodiyotning eng jadal rivojlanayotgan tarmoqlari qatoriga kiradi.

20 yil davomida “Mebel Expo Uzbekistan” sohaning asosiy xalqaro ko‘rgazma tadbiridir. Ko‘rgazma mijozlarning yuqori ishonchi, barqarorligi va innovatsiyasi bilan ajralib turadi va mebel sanoatining rivojlanishiga munosib hissa qo‘shadi. Mavjud ishlab chiqarish jarayonlarini texnik zamonaviylashtirish va jihozlashga yordam beradi. Shu bilan birga, mebel ishlab chiqaruvchilariga zamonaviy texnologiyalar, uskunalar, xomashyo va butlovchi qismlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanish imkoniyatini beradi. Ishonchli hamkorlar va yetkazib beruvchilar bilan o‘zaro hamkorlikka keng yo‘l ochib beradi.

Ta’kidlanganidek, ko‘rgazmada Avstriya, Belarus Respublikasi, Germaniya, Eron, Italiya, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston kabi 14 mamlakatdan 144 ta kompaniya ishtirok etadi. Shuningdek, Turkiya milliy paviloni, Rossiya Federatsiyasining Yaroslavl oblasti kompaniyalarining jamoaviy stendi taqdim etiladi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA