Butunjahon antidoping agentligi (WADA)ning ikki yilda bir marta o‘tadigan yig‘ilishiga Toshkent mezbonlik qilmoqda. Unda o‘ndan ziyod muhim masalalar ko‘rib chiqilmoqda. WADAning standart hujjatlari bundan keyin o‘zbek tilida ham olib boriladi.

Poytaxtimiz jahon miqyosidagi global sport masalalari ko‘rib chiqiladigan anjumanlar, konferensiyalar, xalqaro tashkilotlarning yillik yig‘ilishlari o‘tkaziladigan megapolis shaharlardan biriga aylanib bormoqda.

O‘tgan yillar davomida Toshkent Osiyo olimpiya kengashi, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi, Xalqaro etnosport federatsiyasi, Butunjahon boks assotsiatsiyasi kabi bir qator nufuzli sport tashkilotlarining ijroiya qo‘mitalari yig‘inlariga mezbonlik qildi.

Aynan poytaxtimizda ushbu nufuzli sport tashkilotlari va uyushmalarining muhim qarorlari qabul qilindi. Kelgusi rejalari, istiqbol loyihalari belgilab olindi.

Har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan Butunjahon antidoping agentligi (WADA)ning Osiyo va Okeaniya mamlakatlari vazirlarining 19-hukumatlararo yig‘ilishi ilk bor yurtimizda tashkil etilayotgani ham Toshkent jahon sport harakatining markazlaridan biriga aylanayotganining yorqin dalilidir.

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 8 maydagi “Ma’muriy islohotlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi faoliyatini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Milliy antidoping agentligiga qator vazifalar yuklatildi.

Jumladan, xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan holda xorijiy mamlakatlar bilan o‘zaro tajriba almashish asnosida xorij tajribasini mamlakatimizga olib kirish, amaliyotga tatbiq etish hamda yurtimizda antidoping sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlarni tizimli tashkil etish belgilangan edi.

Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston taklifiga binoan har ikki yilda bir marotaba o‘tkaziladigan 19-hukumatlararo Osiyo va Okeaniya mamlakatlari vazirlarining yig‘ilishi poytaxtimiz Toshkent shahrida o‘tkazilishiga kelishildi.

Aytish lozimki, hukumatlararo Osiyo va Okeaniya mamlakatlari vazirlari yig‘ilishi har ikki yilda bir marotaba o‘tkazilib, mazkur anjuman 2022 yilda Shri-Lanka davlatida o‘tkazilgandi.

Toshkentda o‘tayotgan tadbirda 33 ta davlatdan 90 ga yaqin soha mutaxassislari, xususan Butunjahon antidoping agentligi mutasaddilari qatnashmoqda.

WADA prezidenti Vitold Banka, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departament rahbari Odil Abdurahmonov, O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, Milliy antidoping agentliklari vakillari va har ikki mintaqaning 34 ta mamlakatidan kelgan vazirlik rahbarlari, delegatlar qatnashayotgan yig‘ilishda bir qator masalalar ko‘rib chiqilmoqda.

Anjuman avvalida so‘zga chiqqan WADA prezidenti Vitold Banka dunyo miqyosida antidoping sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, sportchilarni, sport jamoalarini dopingdan himoya qilish, globallashayotgan dunyoda halol sport masalasi bugungi kunning eng dolzarb mavzusi bo‘lib qolayotgani, Osiyo mamlakatlarida, xususan O‘zbekistonda antidoping tizimida yuksak natijalarga erishilayotganini qayd etib, bu, Butunjahon antidoping agentligi kodekslari va tamoyillariga mos kelayotganini ta’kidladi.

Tadbir davomida Butunjahon antidoping agentligi hamda O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

E’tiborli jihati, mazkur memorandumga asosan WADA tizimidagi rasmiy hujjatlar endilikda o‘zbek tilida ham olib borilishi belgilandi. Butunjahon antidoping saytida berib boriladigan qoidalar, kodekslar, normalar avval ingliz va fransuz tilida qayd etilgan bo‘lsa, ular safiga o‘zbek tili ham qo‘shildi.

– Ma’lumki, WADA kodeksida 8 ta standart hujjatlar mavjud bo‘lib, ular bugungacha ingliz va fransuz tillarida taqdim etilgan. Ta’lim, dopingga qarshi kurash, terapevtik istisnolar kabi standartlar bundan keyin WADA tizimlari, uning internet tarmoqlarida o‘zbek tilida ham berib boriladi. Ayni holat o‘zbek tilining xalqaro darajasini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Albatta, tilimizning xalqaro antidoping tizimlarida qadr topishi, ulug‘lanishi har birimizga cheksiz iftixor bag‘ishlashi bilan birga, oldimizda turgan vazifalar, ishlar ko‘lamini ham yanada kengaytirmoqda. O‘ylaymanki, xalqaro tashkilotning qonun-qoidalari, standart hujjatlar o‘zbek tilida berib borilishi nafaqat sportchilarimiz, sport jamoatchiligimiz uchun, qolaversa butun dunyodagi o‘zbeklar uchun ham quvonchli va e’tiborli voqealik bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi Xalqaro aloqalar va monitoring bo‘limi boshlig‘i Muhiddin Hoshimov.

Yig‘ilishda mamlakatlarda antidoping sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan yutuqlar, kamchiliklar va rejalar haqida so‘z yuritilmoqda. Zarur qarorlar qabul qilinmoqda. Yangi rejalar bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilmoqda.

Nafaqat O‘zbekistonga, balki Markaziy Osiyoga ilk bor tashrif buyurgan WADA rahbari Vitold Bankaning Toshkent anjumani doirasida bir qator davlatlarning vazirlari va soha xodimlari bilan uchrashuvlari o‘tkazilishi belgilangan.

2 kunga mo‘ljallangan tadbirda sohaga oid dolzarb masalalar ko‘rib chiqilib, o‘zaro hamkorlik va rivojlanishga doir qator mavzular muhokama qilinadi.

Butunjahon antidoping agentligi (WADA)ning Osiyo va Okeaniya mamlakatlari vazirlarining 19-hukumatlararo yig‘ilishi o‘z ishini 23 may kuni davom ettiradi.

To‘lqin Ro‘ziyev, Nosir Haydarov (surat) O‘zA muxbiri