Noqulay ob-havo sharoiti yoki samolyotdagi texnik muammolar tufayli parvoz kechikishi har kim bilan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan tabiiy holat hisoblanadi. Aviakompaniyalarda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishning turli xil shartlari bor, ammo parvoz kechiktirilganida bepul taqdim etish lozim bo‘lgan asosiy xizmatlar mavjud:

– telefon orqali bir marotaba suhbat, elektron pochta xabarini yuborish yoki boshqa aloqa usullaridan bir martalik foydalanish;

– kutish vaqtida ichimlik suvi va issiq ovqat bilan ta’minlash;

– agar kutish vaqti tashuvchining qoidalarida belgilangan muddatdan oshib ketgan taqdirda, mehmonxona bilan ta’minlash;

– jo‘nab ketishni kutish davrida yo‘lovchini vaqtincha yashash joyiga va undan olib kelish uchun transport bilan ta’minlash;

– chiptada ko‘rsatilgan va o‘tkazib yuborilgan tranzit reyslari bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash yoki qayta bron qilish.

Shuningdek, 7 yoshgacha kichik bolalari bo‘lgan barcha yo‘lovchilarga, parvozning kechikish vaqtidan qat’iy nazar, ona va bola xonasiga kirish huquqi berilishi lozim.

B.Xudoyberdiyev, A.Alijonov (video), O‘zA