Fransiyada “O‘zbekiston kuni” o‘tkaziladi

O‘zbekiston va Xalqaro Epizootik Byuro o‘rtasidagi hamkorlikni kelgusida ham yanada mustahkamlash yuzasidan bir qator masalalar muhokama qilindi.
Avval xabar qilganimizdek, Parij shahrida Xalqaro hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish tashkiloti (Xalqaro Epizootik Byuro) assambleyasining 86-bosh sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Davlat veterinariya qo‘mitasi axborot xizmati ma’lum qilishicha, yirik anjumanda ishtirok etayotgan O‘zbekiston Davlat veterinariya qo‘mitasi raisi B.Norqobilov Xalqaro Epizootik Byuro bosh direktori M. Elua bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdi.
IMG_20180523_042245.jpg
Uchrashuvda O‘zbekiston va Xalqaro Epizootik Byuro o‘rtasidagi hamkorlikni kelgusida yanada mustahkamlash yuzasidan bir qator masalalar muhokama qilindi. Jumladan, 2019 yilda 181 davlat vakillari ishtirokida o‘tkaziladigan assambleyaning navbatdagi sessiyasida bir kunni “O‘zbekiston kuni” etib belgilash va uni nishonlashga kelishildi.
Tashkil etiladigan “O‘zbekiston kuni” doirasida O‘zbekistondan yetishib chiqqan mutafakkir, allomalar haqida, yurtimizning sayyohlik salohiyati va imkoniyatlari haqida ma’lumotlar ham beriladi. Shuningdek, o‘zbek milliy taomlari tortilib, milliy urf-odatlarimiz, an’analarimiz teatrlashtirilgan tarzda namoyish etiladi. Bu esa 181 davlat vakillarining O‘zbekiston haqidagi tasavvurlarini yanada boyishiga xizmat qilishi shubhasiz.
Uchrashuvda yaqinda tashkil etilgan Samarqand veterinariya meditsinasi institutida hamkorlikda loyihalar amalga oshirish, yuqori malakali veterinariya mutaxassislarini tayyorlash borasida ham kelishuvga erishildi.
Bunday loyihalar xorijning ilg‘or universitet va institutlarida ishlayotgan professor-o‘qituvchilarni yangi tashkil etilgan institutga jalb etish, talabalarni jahon amaliyotidan xabardor etish, masofadan o‘qitish kabi ishlarni amalga oshirish orqali veterinariya mutaxassislarini xalqaro talablarga muvofiq tayyorlashda qo‘l keladi.

 

O‘zA