So‘nggi yillarda mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy sohalarda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasi hamda Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tashkil etildi. Respublika Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 22 dekabr kuni o‘tgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishda sohaga oid amalga oshirilgan qator ishlar ko‘rsatildi. Dunyoning turli ko‘rgazma saroylarida mamlakatimiz milliy pavilonlari ish boshladi. Tarixiy ob’ektlarimiz jahon sahnasida munosib nom olmoqda.

Shuningdek, poytaxtimizda ham madaniyatni rivojlantirishga bag‘ishlangan yirik anjumanlar tashkil etilmoqda. Masalan, kuni kecha Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatr sahnasida bo‘lib o‘tgan Pyotr Ilich Chaykovskiyning asl musiqasi asosida qayta sayqal berilgan “Qarsildoq” baletining ilk namoyishini qayd etish mumkin.

Sehrli sahna tomoshasi yangi yil shodiyonalari arafasida xotirada yorqin qoluvchi madaniy tadbirlardan biriga aylandi, deyish mumkin.

Sahnalashtirishlarning 200 yildan ziyod tarixi mobaynida “Qarsildoq” asari voqealar rivoji turli-tuman talqinlarga uchragan. Ilk marotaba spektakl Toshkentda 1993 yilda namoyish etilgan edi. Mazkur ijro Alisher Navoiy nomidagi Katta teatr sahnasida o‘ttiz yil davomida ijro etib kelindi.

Joriy yilda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan milliy balet san’atkorlari uchun ushbu balet spektaklining yangi shakli taqdim etildi.

Rus xoreografi Maksim Petrov spektaklning an’anaviy bayramona mavzusini saqlab qolib, qahramonlarni sehrli g‘aroyibot olamiga g‘arq qildirishga intilgan holda “Qarsildoq”ning yangi sayqalda sahnalashtirdi.

Spektakl tomoshabinlarni raqslarda xirom aylovchi qor parchalari, Muz qirolligiga sayohat hamda Qarsildoq bilan uchrashuvga limmo-lim mo‘jizalar va xayolot olamiga ravona qildirdi. Ta’sirchan sahna bezaklari, bashang liboslar hamda zamonaviy texnologiyalar tomoshabinlarni aslo befarq qoldirmadi.

Tadbir rossiyalik sahnalashtiruvchilar va Alisher Navoiy nomidagi Katta akademik teatrning badiiy jamoasi, Uspenskiy nomidagi musiqa maktabining Bolalar xori, “Bulbulcha” bolalar xor va raqs ansambli hamda A.Kabdurahmanov boshchiligidagi Milliy simfonik orkestrining qo‘shma ijodiy hamkorligi natijasiga boy o‘tdi.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA