“UzCharmExpo-2024 Leather Goods” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi

232

Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida “UzCharmExpo-2024 Leather Goods” charm, poyabzal, attorlik, qorako‘l, mo‘yna, jun va mahalliylashtirilgan mahsulotlar 16-Xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasi o‘z ishini boshladi.

Savdo-sanoat palatasi, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi, Xalq banki mazkur nufuzli forum tashkilotchilaridir.

“UzCharmExpo-2024 Leather Goods” bu ko‘p yillik tajriba va muvafaqqiyatli biznesning yutuqlari jamlangan manzildir. Mazkur ko‘rgazma o‘zaro manfaatli hamorlikni yo‘lga qo‘yish, ikki tomonlama aloqalarni o‘rnatish, ishbilarmonlik portfelini yangi biznes loyihalar bilan boyitish hamda kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish, xalqaro taniqli brendlarni jalb qilish, soha eksportini yanada oshirishda samarali maydon sanaladi.

“O‘zekspomarkaz” MKM pavilonlarida Xitoy, Italiya, Turkiya, Eron, Rossiya, Belarus, Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa mamlakatlarning ishlab chiqaruvchilari tomonidan charm-poyabzal sanoati uchun innovatsion texnologik yechimlar taklif etiladi.

“UzCharmExpo-2024 Leather Goods” Markaziy Osiyodagi charm-poyabzal va mo‘yna sanoatining eng yirik ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasidir. 16-xalqaro ko‘rgazmada 100 ga yaqin mahalliy va 10 dan ortiq xorijiy davlat tashkilotlari va kompaniyalari o‘z mahsulot namunalari bilan ishtirok etmoqda.

“UzCharmExpo-2024 Leather Goods” ko‘rgazmasi nafaqat kompaniyalarning salohiyati, mahsulot assortimenti va sohadagi innovatsiyalar bilan tanishish imkoniyati, balki, B2B va G2B, G2G muzokaralari uchun samarali platformadir. Ko‘rgazma doirasida biznes-muloqotlar va taqdimotlar o‘tkazilmoqda.

 

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA