Yoshlar ishlari agentligi direktorining axboroti eshitiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa’dullayevning “Yoshlarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilishga, shuningdek, ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi axborotini eshitish haqidagi masala ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda yoshlarning huquq va manfaatlari alohida moddalar bidan muhrlab qo‘yildi.
O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, sohadagi muammolarga yechim topish, vakolatli organlar faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi tashkil etilib, unga keng vakolatlar berilgan edi. Oliy Majlis Senatida Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tashkil etildi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida esa Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya faoliyati yo‘lga qo‘yilgandi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish va ular bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlari ishlab chiqilib, har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida yoshlar muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘plab vazifalar belgilangan.
Shundan kelib chiqib, majlisda yoshlarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish, ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan Yoshlar ishlari agentligi direktorining axborotini eshitish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA