Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga vakolatlar berilyapti
Parlament quyi palatasining majlisida deputatlar tashabbusi bilan ishlab chiqilgan — qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar muhofazasini samarali tashkil etishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Deputat A’zamjon To‘laboyevning ta’kidlashicha, qishloq xo‘jaligi sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga qishloq xo‘jaligi yerlarini muhofaza qilish bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshirish vazifasi yuklatilgan.
Shundan kelib chiqib, qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining ayrim normalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ya’ni, kodeksning 245/7-moddasiga o‘zgartirish kiritish orqali qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga hamda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning chegara belgilariga oid ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati Qishloq xo‘jaligi vazirligidan Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar muhofazasini samarali tashkil etilishiga xizmat qiladi.
M.Komilova,
O‘zA