Bir kunda 600 dan ortiq deklaratsiyalar avtomatik tarzda rasmiylashtirilmoqda

273

Bugungi kunda bojxona sohasida zamonaviy raqamli texnologiyalar keng qo‘llanilmoqda. Sun’iy intellekt elementlarini joriy etish orqali rasmiylashtiruv jarayonlarini takomillashtirish va unga sarflanayotgan vaqtni qisqartirish yo‘nalishida bojxona organlarida bir qator tizimli va o‘z o‘rnida samarali islohotlar amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, bojxona organlarida bojxona yuk deklaratsiyalarining inson omili ishtirokisiz – avtomatik tarzda tizim tomonidan rasmiylashtirish amaliyoti joriy etilgani ham fikrimiz isboti.

Prezidentimizning 2020-yil 6-iyundagi “Bojxona ma’muriyatchiligini isloh etish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni bilan bojxona yuk deklaratsiyalarini rasmiylashtirish jarayonlarini takomillashtirish va unga sarflanayotgan vaqt sarfini keskin qisqartirish maqsadida xavf darajasi past bo‘lgan tovarlarni inson omili ishtirokisiz avtomatik tarzda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishni nazarda tutuvchi axborot tizimini joriy etish topshirig‘i berilgan.

– Belgilangan topshiriq ijrosi yuzasidan Yaponiya, Koreya, Gruziya, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va shu kabi boshqa davlatlarning ilg‘or tajribalari o‘rganildi. Natijada bojxona organlarida ilk bor “Avtorasmiylashtiruv” tizimi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi, –deydi Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati bosh inspektori Aziza Zoirova. — Ushbu tizim 2021-yil boshidan dastlab, “eksport” bojxona rejimiga nisbatan ishlab chiqilgan bo‘lsa, keyinchalik “vaqtincha saqlash” va “bojxona ombori” bojxona rejimlarida ham qo‘llanila boshlandi. 2023-yilning aprel oyidan e’tiboran “import” bojxona yuk deklaratsiyalarini ham avtomatik tarzda rasmiylashtirish amaliyotiga o‘tildi. Tizim joriy etilganidan buyon, qariyb 300 mingdan ortiq deklaratsiyalar inson omili ishtirokisiz tizim tomonidan avtomatik tarzda o‘rtacha 3-5 daqiqa sarflangan holda rasmiylashtirildi. Mazkur tizim joriy etilguniga qadar birgina “yashil yo‘lakda”gi bojxona yuk deklaratsiyani rasmiylashtirish uchun o‘rtacha 4 soat sarf etilgan.

Bugungi kunga kelib, xavf darajasi past bo‘lgan bojxona yuk deklaratsiyalarning “eksport” bojxona rejimida 90 foizi, “vaqtincha saqlash” va “bojxona ombori” bojxona rejimlarida 80 foizi, import bojxona rejimida 5 foizi avtomatik tarzda rasmiylashtirilmoqda. Boshqacha qilib aytganda, bojxonada bir kunda o‘rtacha 600 dan ortiq deklaratsiyalar avtomatik tarzda bojxona xodimlarisiz rasmiylashtirilmoqda.

Bojxona yuk deklaratsiyasiga ilova qilingan ruxsatnoma hujjatlarining “Yagona darcha” bojxona axborot tizimida mavjudligi, bir korxona nomidan bir nechta bojxona yuk deklaratsiyalarni tizimga yuborish vaqtining oralig‘i kamida 15 daqiqani tashkil etishiga erishilmoqda. Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisining bojxona va soliq organlaridan qarzdorlik holati mavjud emasligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisining muddati o‘tgan debitor qarzdorligi mavjud bo‘lmasligi inson omilisiz avtomatik tarzda rasmiylashtirilishi imkoniyati ortadi.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-noyabrdagi “Bojxona yig‘imlari stavkalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlarga asosan 2024-yil 1-yanvardan boshlab bojxona organlarining ish vaqtidan tashqari vaqtda amalga oshirilgan bojxona rasmiylashtiruvi uchun undiriladigan bojxona yig‘imi (BHMning 2 barobari = 680 000 so‘m miqdorida), avtomatik tarzda rasmiylashtirilgan bojxona yuk deklaratsiyalar uchun qo‘llanilmaydi.

Ushbu tizim amaliyotga joriy etilishi natijasida bojxona nazorati samaradorligi yanada ortdi, bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlaridagi korrupsion omillar keskin qisqardi. Pirovardida Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlariga sarflanayotgan vaqt va moliyaviy xarajatlar sezilarli darajada kamayishiga erishildi.

Hozirgi kunda muntazam ravishda mazkur tizimni takomillashtirish ishlari olib borilmoqda.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA