Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turibdi.

Ushbu tashrif doirasida “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov ham Rossiyaning bir qator yirik kompaniya hamda tashkilot rahbarlari bilan muzokaralar olib bormoqda hamda ishlab chiqarish jarayonlarini yaqindan o‘rganmoqda.

Bugun delegatsiya vakillari Boshqirdistonda joylashgan “ERSO Energy Solutions” xoldingi tarkibidagi “Ufa transformator” zavodida bo‘lib, bu yerdagi  ishlab chiqarish jarayonlari, mahsulot turlari bilan yaqindan tanishdi.

Shu bilan birga,   tomonlar o‘rtasida o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini kengaytirish, yurtimizda ham hamkorlikda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

O‘z navtabida, “ERSO Energy Solutions” xoldingi vakillari O‘zbekistondagi qulay investitsiyaviy muhit va imkoniyatlardan unumli foydalanib, hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini ta’kidlashdi.

“O‘zltexsanoat” uyushmasi axborot xizmatiga ko‘ra, “ERSO Energy Solutions” xoldingi energetika sohasida kompleks jihozlash va yangi qurilish loyihalarini amalga oshirish, energetika ob’ektlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish bilan shug‘ullanadi. Xolding tarkibiga xizmat ko‘rsatish, sinov markazlari va ilg‘or laboratoriyalar, “Elektrozavod” AJ va “Ufa transformator” zavodi kiradi. Xolding zavodlari kuchli gidroelektr  stansiyalar, issiqlik va atom elektr stansiyalarini jihozlashda ishtirok etgan.

ERSO ishlab chiqargan transformatorlarning nominal quvvati bo‘yicha Rossiyada yetakchi o‘rinni egallaydi.  Mahsulot liniyasi 0,5 dan 1150 kV gacha kuchlanishli, quvvati 630 MVt gacha bo‘lgan 1,5 ming turdagi transformator uskunalarini o‘z ichiga oladi.

Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha birgalikda o‘rganish ishlarini olib borishga kelishib oldi.

 

N. Ziyodullayeva, O‘zA