Zilzilalar iqtisodiy talafotlarini baholashning ilmiy asoslangan simulyatsion modeli ishlab chiqiladi

232

So‘nggi yillarda xorijiy mamlakatlarda sodir bo‘layotgan kuchli zilzilalar oqibatida yuzaga kelayotgan turli talafotlar mamlakatimizda seysmik xavfsizlikni ta’minlash ishlarini jadallashtirish, sohaga zamonaviy yondashuvlarni joriy etishni talab etmoqda.

Xo‘sh, bu borada yurtimizda qanday sa’y-harakatlar olib borilmoqda? AOKAda o‘tkazilgan brifingda Fanlar akademiyasi axborot xizmati rahbari Gulnoza Sharafova mazkur sohada olib borilayotgan ishlar xususida quyidagilarni ma’lum qildi.

—Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti olimlari tomonidan kuchli zilzilalar ta’sirida Toshkent shahrining talafotlanish darajasini iqtisodiy baholash imkonini beruvchi raqamli simulyatsion model ishlab chiqiladi.

Toshkent shahri hududi seysmik potensiali yuqori bo‘lgan zonada joylashgan bo‘lib, hududda magnitudasi M≤6.5 bo‘lgan zilzilalar sodir bo‘lish xavfi bor. Tarixiy va instrumental ma’lumotlar bazasiga ko‘ra shahar hududida 1868, 1886, 1924 va 1966 yillari magnitudasi M=6.5, M=6.0 va M=5.3 seysmik jadalligi bo‘yicha 7, 8, 9 ballik zilzilalar qayd qilingan. Shuningdek, 1980 yilda magnitudasi M=5.5 bo‘lgan seysmik jadalligi 8 ballga teng Nazarbek zilzilasi sodir bo‘lgan.

Toshkent shahar hududining janubiy g‘arb yo‘nalishida kesib o‘tuvchi Karjantou tektonik yer yorig‘i doimiy harakatlanishi natijasida kuchli zilzilalar sodir bo‘lib kelmoqda. Albatta sodir bo‘lishi muqarrar bo‘lgan 7,8 va 9 ballik kuchli zilzilalar shaharga iqtisodiy talafotlar yetkazgan.

Talafotlarni oldindan aniqlashda zamonaviy raqamli simulyatsion modellardan keng foydalanish aholi va hududlarni seysmik xavfdan himoya qilish muammolarini hal etish bo‘yicha kompleks yondashuv vazifasini bajaradi.

Loyihani amaliyotga tatbiq etish orqali zamonaviy IT-texnologiyalar asosida Toshkent shahrining muhandis-geologik sharoitini va bino-inshootlarning konstruktiv turlarini hamda ularning seysmik zaifliklarini aniqlab, hisobga olgan holda hududda sodir bo‘lish ehtimoli yuqori bo‘lgan 7, 8 va 9 ballik zilzilalar iqtisodiy talafotlarini baholashning ilmiy asoslangan simulyatsion modeli ishlab chiqiladi.

Tadqiqot natijasida grunt va binolarning tizimli tebranish xususiyatlari aniqlanadi va epitsentral zonalardagi va undan tashqarida seysmik tebranishlarning tarqalishi, so‘nish ko‘rsatkichlari matematik modellashtirish asosida baholanadi.

Shuningdek, hududning har bir nuqtasi uchun zilzilaning manba parametrlari asosida sintetik akselerogramma yaratiladi. Toshkent shahri hududida sodir bo‘lish ehtimoli yuqori bo‘lgan zilzila o‘chog‘larining seysmik xavfi baholanadi.

Shu bilan birga, shahar hududida turli davrlarda qurilgan bino va inshootlar, xususiy uylarni inobatga olgan holda, 7, 8 va 9 ballik zilzilalardagi seysmik bardoshlik holatlari aniqlanadi. Har bir konstruktiv turdagi bino-inshootlar uchun shikastlanish darajalari baholanadi, seysmik holatini baholovchi namunaviy pasportlari tuziladi.

Toshkent shahrida qurilgan bino va inshootlarning har bir konstruktiv turi uchun seysmik bardoshlik bo‘yicha ma’lumotlar bazasi yaratiladi va ular GIS platformasiga joylashtiriladi. Ishlab chiqiladigan kuchli zilzilalarni simulyatsion modellashtirish texnologiyasi dastlab Toshkent shahri hududi misolida, keyin «Raqamli geoportal» axborot tizimi mavjud shaharlar hududlari, bosqichma-bosqich barcha viloyat markazlari va yirik aholi punktlari hududlariga joriy etiladi.

N.Rahmonova, O‘zA