Yangi yil bayrami arfasida Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti tomonidan “JAR” sport-sog‘lomlashtirish majmuasida uyushmagan yoshlar bilan “Xavfsiz hayot posbonlari” shiori ostida tadbir tashkil etildi.

Tadbirdan maqsad – yoshlarni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida barkamol etib tarbiyalash, yoshlar ongida yurt va uni himoya qilish muqaddas burch ekanligini qaror toptirishdan iborat.

Tadbirning birinchi kunida ishtirokchilar ichki ishlar organlari faoliyati va tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirildi.

Shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlari, xususan, yo‘l harakati xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi, kinologiya va otliq otryadi xizmatlari xodimlari bilan jonli muloqotda bo‘lib, ulardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoni yaratildi.

Tadbir uch qismga bo‘lingan bo‘lib, boshlanishi “Yangi yil bayrami” munosabati bilan yosh ijodkorlarning musiqali chiqishlari, har yili Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan respublikamizda o‘tkaziladigan “Yashil chiroq” musobaqasi sovrindorlarining chiqishlari, “JAR” sport-sog‘lomlashtirish majmuasining yosh sportchilari hamda Jamoat xavfsizligi xizmati “Tezkor harakatlanish va qo‘lga olish otryadi”ning ko‘rgazmali chiqishlari bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbirning ikkinchi qismida majmuada ajratilgan pavilonlar IIV Jamoat xavfsizligi departamentining Huquqbuzarliklar profilaktikasi, Yo‘l harakati xavfsizligi va Jamoat tartibini saqlash xizmatlari uchun tematik banner va monitorlar bilan jihozlandi.

Pavilonlardagi mas’ul xodimlar mehmonlarni xizmatlar faoliyatiga oid ma’lumotlar bilan tanishtirib, tarqatma materiallar va xizmat ekipirovkalarini namoyish etdi. Shuningdek, tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar bilan turli xildagi intellektual salohiyatni oshirishga qaratilgan viktorinalar, jismoniy mashqlar tanlovi tashkillashtirildi.

Tadbirning uchinchi qismida yo‘l harakati xavfsizligi, patrul-post, probatsiya xizmatlarining maxsus texnikalari patrul-post xizmati brigadasi otliq otryadining xizmat otlari va kinologiya xizmatining “sergak himoyachi itlarining” namoyishlari ham bo‘lib o‘tdi.

Tadbir yakunida mehmonlar Ichki ishlar organlari tarixi muzeyi bilan tanishdi.

Mazkur tadbirlardan keyin IIV tomonidan e’lon qilingan “Uyushmagan yoshlarni ilm-ma’rifatga va ma’naviyatga undovchi, bilimsizlik bilan hayotda muvaffaqiyat qozonib bo‘lmasligini tushuntirishga qaratilgan ijtimoiy roliklar tanlovi” g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbir doirasida Germaniya xalqaro hamkorligi jamiyati (GIZ)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va “Dialog” nodavlat-notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda barcha ishtirokchilar uchun yangi yil sovg‘alari topshiriladi.

Tadbir 29 dekabr kuni yakunlanadi.

N.Abduraimova, O‘zA