Bugun O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda asosiy e’tibor Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishidagi davlatimiz rahbarining ma’ruzasi mohiyatiga qaratildi.

Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda ma’naviyat masalalariga, madaniyat va san’at rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingani soha rivojida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Milliy an’analarimizni asrab-avaylash va boyitish maqsadida Maqom, Baxshichilik va Askiya san’ati markazlari tashkil etildi.

Shuningdek, “Bahor” raqs ansambli, Davlat filarmoniyasi, Davlat simfonik orkestri kabi 20 dan ortiq muassasalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 11 ta yangi muzey, 2 ta teatr, 28 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, 5 ta oliy ta’lim muassasasi tashkil etildi.

— Millatni ma’naviy uyg‘oqlikka va dunyoda kechayotgan voqea-hodisalar mohiyatini chuqur anglash hamda xulosalar chiqarishga undagan ushbu ma’ruza, unda ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar ta’bir joiz bo‘lsa, partiyaning 2024 yilgi parlament saylovidagi dasturining mazmun-mohiyatini tashkil etadi, — dedi fraksiya rahbari Alisher Qodirov. — Zero, davlatimiz rahbarining ma’ruzasida “Milliy tiklanish” ilgari surishi mumkin bo‘lgan konseptual g‘oyalar to‘laligicha aks etgan. Ayniqsa, millat yetakchisining Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan bir paytda millat fidoyilari bo‘lgan ziyolilarning jasorat bilan maydonga chiqishlari haqidagi fikrlari bugungi shiddatli o‘zgarishlar, milliy qadriyatlar va qadriyatsizliklar to‘qnashayotgan nozik chorrahalarda yuzaga kelayotgan to‘qnashuvlar davrida uyg‘oq qalbli ziyolilarimiz zimmasidagi mas’uliyatni yana bir bor eslatgandek bo‘ldi.

Prezident jadidlar haqida gapira turib, zamonaviy ilm-fanni egallagan va ayni paytda milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlarni suv va havoga qiyosladiki, bu yaqin istiqboldagi rejalarimizni qayta-qayta taftish qilish lozimligini anglatadi. Shu ma’noda ham milliy g‘oyani rivojlantirishga doir Prezident tashabbuslari “Milliy tiklanish” partiyasining ustuvor vazifasiga aylanishi shart, — dedi partiya yetakchisi.

Ta’kidlanganidek, ma’naviyat sohasi vakilining o‘n qadam oldinda yurishi haqidagi gaplar, san’at, kino sohasi, muzeylar, tasviriy san’atu, kitobxonlik va eng muhimi, ona tilimiz bilan bog‘liq va xalqimiz dilidan tiliga chiqara olmayotgan va o‘z vaqtida ilgari surilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash barobarida ular ijrosini nazorat qilish uchun ham partiya o‘zini mas’ul deb hisoblaydi. Shundan kelib chiqib, partiya va fraksiya oldidagi vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, yig‘ilishda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yuksak xalqaro mukofotni topshirish marosimi haqida ham to‘xtalib o‘tildi. Shundan so‘ng kun tartibidagi qonun loyihalari qizg‘in muhokama qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA