Prezidentimizning joriy yilning 21 dekabrdagi “Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmonga ko‘ra, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining bo‘ysunuvi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligidan Vazirlar Mahkamasiga o‘tkazildi.

Qo‘mita faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimi joriy etildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari o‘rinbosarlari – viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalari boshliqlari lavozimi, tuman (shahar) hokimlarining o‘rinbosarlari – tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlari boshliqlari lavozimi kiritildi.

Oila va xotin-qizlar ilmiy-tadqiqot instituti negizida Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi 2022 yil mart oyida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tarkibida tashkil etilgandi. 2022 yil dekabridagi islohotlar vaqtida qo‘mita Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tarkibiga o‘tkazildi.

 

Sh.Mamaturopova,

O‘zA