O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Rossiya Federatsiyasi mudofaa vazirini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-may kuni mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri Sergey Shoyguni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani, shuningdek, amaliy hamkorlik tomonlarni qiziqtirgan barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlanayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.

2.jpg

Mamlakatlarimiz idoralari, hududlari va ishbilarmon doiralari o‘rtasidaaloqa va almashinuvlar faollashgani, iqtisodiyotning turli tarmoqlari va ijtimoiy sohada istiqbolli kooperatsiya dasturlari va loyihalari birgalikda amalga oshirilayotgani, madaniy-gumanitar yo‘nalishda samarali hamkorlik qilinayotgani alohida ta’kidlandi.

Suhbatda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni, jumladan, idoralararo sheriklikni yanada kengaytirish, ikki tomonlama tadbirlar o‘tkazish, harbiy kadrlar tayyorlash va boshqa masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, xalqaro siyosat va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

3.jpg

Mudofaa vaziri davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston Qurolli Kuchlarini modernizatsiya qilish va mamlakatimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda O‘zbekistonning mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashga doir tashabbuslari yuqori baholandi.

Rossiya mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligiga xizmat qiladigan ikki tomonlama keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga tayyor ekani ta’kidlandi.

 

O‘zA