FOTOREPORTAJ

Hindistonning shimolidagi Uttar-Pradesh shtatida, Jamna (Yamuna) daryosining o‘ng sohilida joylashgan Agra shahrida 1,5 million kishi istiqomat qiladi.

Agra XVI-XIX asrlarda Boburiylar poytaxti bo‘lgan. Akbar va Shoh Jahon davrida, ayniqsa, ravnaq topgan. Agrada XVI-XVII asrlarga doir musulmon me’morchiligining ajoyib yodgorliklari saqlanib qolgan. “Agra-Fort” (XVI asr) qasri va uning ichidagi “Marvarid masjid” (XVII asr) kabi  bir qancha saroylar shular jumlasidandir.

Agrada Sharq me’morchiligining ajoyib namunasi bo‘lgan Tojmahal joylashgan.

Dunyoning noyob mo‘’jizalaridan biri sifatida e’tirof etiladigan Tojmahal Shoh Jahon tomonidan, uning suyukli rafiqasi Mumtoz Mahal begim xotirasiga bag‘ishlab barpo etilgan. Majmua xiyobonlar va katta bog‘ bilan qurshalgan. Atrofda esa yastangan dalalar, Jamna daryosi bir maromda, sokinlik bilan oqadi. Sukunatni faqat qushlarning chug‘urlashi buzadi, xolos.

Shuningdek, Agradagi Jome masjid (1628 yil), E’timod ud-Davla maqbarasi (1628 yil) jahon me’morchiligi durdonalaridan hisoblanadi. Bularni qurishda hind ustalari bilan birga Buxoro va Samarqand ustalari ham qatnashgan.

XIX-XX asrlarda Agra qayta tiklandi. Agra binolari marmarga ishlangan o‘yma va qadama naqshlari, fil suyagidan ishlangan buyumlari bilan mashhur. Sanoati asosan ko‘n-poyabzal, oziq-ovqat, qog‘oz, oyna-shisha korxonalari, Hindistonning shimolidagi eng yirik “Jons-Mils” yigiruv kombinati, elektr-texnika va boshqa korxonalardan iborat. Shaharda qo‘lda gazlama to‘qish va badiiy buyumlar yasash hunarmandchiligi taraqqiy etgan.

 

Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA