Bu haqda “Toshkent metropoliteni” DUK matbuot xizmati rahbari Toʻychi Mirzayev maʼlum qilgan.

Toshkentda 3 yil oldin metropoliten bekatlari soni 29 tani tashkil etgan boʻlsa bugunga kelib bekatlar soni 48 taga yetdi. Ammo jamoat transportining bu turi bilan bogʻliq hal etiladigan muammolar hali koʻp.

Soʻnggi vaqtlarda metrolarda kuzatilayotgan texnik nosozliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tez-tez uchratish mumkin.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash lozimki, yaqin oʻtgan kunlarda metropoliten harakati tarkiblarida 6-7 marotaba 2 daqiqadan 12 daqiqagacha toʻxtab qolish holatlari kuzatilgan.

Nega Toshkent metropolitenida tez-tez texnik nosozlik holati koʻp kuzatilmoqda? Aslida metro poyezdlari qancha vaqtda va qay tartibda texnik koʻrikdan oʻtkaziladi?

Mazkur savollar yuzasidan “Toshkent metropoliteni” DUK matbuot xizmati rahbari Toʻychi Mirzayev bir qancha maʼlumotlarni taqdim etdi.

Mutaxassisga koʻra, harakat tarkiblari va qurilmalari mavjud elektrodepolarda tizimli ravishda belgilangan jadval boʻyicha texnik koʻrikdan oʻtkazib kelinadi. Yoʻnalishlarning soʻngi bekatlariga borilganda ham harakatga chiqishdan oldin mashinistlar tomonidan tekshiruv ishlari olib boriladi. Ammo yoʻlovchilar sonining keskin koʻpayishi metro vagonlarga belgilangan yoʻlovchilar sonini 2-marta koʻpayishi va buning hisobiga vagonlarga normadan ortiq yuklama tushib ketishi metro poyezdlarini tez-tez buzilishiga olib kelmoqda. Shu bilan birga, yoʻlovchilar tomonidan metropolitendan foydalanish qoidalariga rioya qilinmayotganligi yaʼni, harakatlanish vaqtida oʻzaro hurmatni saqlash, poyezd ichidagi yoʻlovchilar chiqib ketguniga qadar kirish uchun vagon eshiklari oldida turib qolish, manzilga kelgach poyezddan chiqish uchun imkon qadar tezroq harakat qilish, vagon eshiklariga suyanish hamda poyezdning bosh va soʻngi vagonlari bilan bir qatorda oʻrta vagonlaridan teng foydalanmayotganliklari asosiy sabablardan biridir. Shuningdek, yoʻlovchilar tomonidan vagonlarda va metropoliten hududida shaxsiy buyumlarni qoldirib ketish kabi holatlar kuzatilmoqda. Bunda tekshirish maqsadida, yoʻnalishdagi poyezdni harakati yoʻnalishidan olinadi va harakat intervalini uzayishiga olib keladi. Bu kabi holatlar bir oy davomida 9-10 marotaba uchraydi.

Tahlillarga koʻra, yoʻlovchilar oqimining salmoqli qismi ertalabki tigʻiz vaqt (7:30 dan 9:30 gacha) va kechgi tigʻiz vaqtga (15:30 dan 19:00 gacha) toʻgʻri kelishi maʼlum boʻlgan.

Qayd etilishicha, metropoliten nozimlari (dispetcher) tomonidan koʻrilgan zaruriy choralar natijasida, elektropoyezdlarning tezkor ravishda jadval (grafik) asosida harakatlanishi tashkil qilinadi.

2024-yil davomida yana qoʻshimcha 104 dona zamonaviy metro vagonlarini harid qilish koʻzda tutilgan. Buning natijasida tasarrufdagi harakat tarkiblarini yangilanishiga hamda yoʻnalishlarda poyezdlar oraliq intervalini qisqartirishga erishiladi.

Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA