O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida barcha sohalarda o‘zaro manfaatli ko‘p qirrali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Barcha darajalarda muloqotlar izchil davom ettirilmoqda.

Iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlarni kengaytirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishilgan. Ushbu yo‘nalishlarda muhim tadbirlar amalga oshirilmoqda. Keyingi yillarda Yevropa tomonidan taqdim etilgan “GSP+” tartibi tufayli o‘zaro savdo hajmi jadal ortib bormoqda.

Mazkur jihatlar Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyevning Yevropa parlamenti deputati, O‘zbekiston bo‘yicha ma’ruzachisi Ilxan Kyuchyuk bilan uchrashuvida ta’kidlandi.

Yevropa parlamenti deputati mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini alohida ta’kidladi.

O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda barqarorlik, xavfsizlikni mustahkamlash, farovonlikka erishish, inson huquqlari va fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini olqishladi.

Ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlik jadal sur’atlarda rivojlanayotgani ijobiy baholandi.

Mamlakatda parlamentlararo hamkorlikning mavjud mexanizmlaridan, xususan, “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” parlament hamkorligi qo‘mitasidan faol foydalanish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa parlamenti o‘rtasidagi munosabatlarni yanada kengaytirishga kelishib olindi.

N.Abduraimova, O‘zA