Qaror va sharh

Shu paytgacha pensiyaga chiqish oson emasdi. Ba’zan u hujjatni bu tashkilotga, bu hujjatni u idoraga olib ko‘p yugurishga to‘g‘ri kelardi. Nima ham derdik, xat-hujjatchilik shunday bo‘lganda.

Bu haqda so‘z borganda “kolxoz-sovxoz” zamonlarida ishlagan yillari mehnat daftarchasiga kiritilmaganlar esga tushadi. Ular orasida tuman arxivi hujjatlarini titkilab-titkilab ma’lumotlarini topganlar bor. Lekin ma’lumotni topib, boshqa masalaga duch kelganlar talay. Masala shundaki, arxiv hujjatlarida pensiyaga chiquvchining ismi ikki-uch xil yozilgan. Bu chalkashlikni tugatish uchun fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga murojaat qilganlar qancha…

Bu gaplar bilan nari borsa uch-to‘rt yillik voqealarni yodga oldik. Keling, umumiy tasavvurlarni qo‘yib, aniq ma’lumotlarga to‘xtalamiz.

O‘tgan yilning 1 iyuniga qadar pensiya tayinlash uchun fuqarodan 14 ta tashkilotdan 30 dan ortiq hujjatni to‘plab kelishi talab etilgan. Pensiyaga chiqayotganlarning yoshi ulug‘ligini hisobga olsa bu oson jarayon emas. Ko‘p hollarda barcha hujjatlarni yig‘ishga, hatto, olti oygacha vaqt sarflangan.

Bugun pensiya tayinlashda birgina shaxsni tasdiqlovchi hujjat – pasportni taqdim etish bilan kifoyalanilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 31 oktyabrdagi “Aholiga pensiya tayinlash bo‘yicha ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini yanada oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi qulayliklarni yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Endilikda oltmish yoshga to‘lgan erkaklarga, ellik besh yoshga yetgan ayollarga pensiya shu kunning o‘zida avtomatik tarzda tayinlanish choralari ko‘rilmoqda. Ahamiyatlisi, bunda pensiyaga chiquvchidan biror bir hujjat talab etilmaydi.

Bu amaliyot 2025 yilning 1 martidan boshlab joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda quyiroqda batafsil to‘xtalamiz. Hozir qarorning boshqa bandlari tahliliga e’tibor qaratamiz.

Mazkur qarorni mamlakatimizda aholini ijtimoiy muhofaza qilish, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash borasidagi islohotlarning bir qismi sifatida ko‘rish mumkin.

O‘zbekistonda keksa, boquvchisini yo‘qotgan va mehnatga layoqatsiz aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi bosqichma-bosqich isloh qilinmoqda. Fuqarolarga pensiyalarni tayinlash yuzasidan ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini yanada yaxshilash, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Yangi qaror aholiga pensiya tayinlash tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini faol tatbiq etilayotganining bir ifodasi bo‘ldi.

– Pensiya jamg‘armasi tomonidan fuqarolarga o‘n uch turdagi pensiya va nafaqalar, ijtimoiy to‘lovlar amalga oshiriladi, – deydi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktor o‘rinbosari Nuriddin Shodixo‘jayev. – Bugungi kunga kelib ulardan o‘n turi fuqarolardan pensiya jamg‘armasiga kelishini talab qilmagan holda – proaktiv, kompozit hamda interaktiv shaklda hujjat topshirish yo‘lga qo‘yilmoqda. Qarorda endilikda yoshga doir pensiyani ham fuqaroning murojaatisiz, qo‘shimcha hujjatlar talab etilmagan holda proaktiv shaklda tayinlash belgilangan.

Kelgusi yilning 1 yanvaridan boshlab fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash uchun amaldagi tartibga qo‘shimcha ravishda ularning xohishiga ko‘ra Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham murojaat qilish huquqi beriladi.

Fuqarolarga davlat pensiyalari tayinlanganidan so‘ng ularning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablag‘larini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Xalq bankining mobil ilovasi orqali olish imkoniyati yaratiladi.

Odatdagi tartibda fuqarolar pensiyaga chiqqanidan so‘ng pensiya jamg‘armasi tomonidan maxsus sertifikat taqdim qilinadi. O‘sha hujjat bilan Xalq bankiga borib jamg‘arab boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablag‘larni olishi mumkin edi. 2024 yilning 1 yanvaridan ushbu sertifikatni berish amaliyoti tugatilmoqda. Endi barcha ma’lumotlar axborot almashinuv tizimi orqali bankka taqdim etiladi.

Shu o‘rinda “proaktiv” atamasiga qisqacha to‘xtalamiz. Proaktiv shaklda pensiya tayinlash tizimida fuqarodan biror hujjat, hatto, ariza ham talab qilinmaydi. Axborot markazlaridan ma’lumotlar olinib, fuqaroga davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, pensiya jamg‘armasi tomonidan yiliga uch yuz ming nafarga yaqin fuqaroga pensiya tayinlanadi. Yangi tizimning yo‘lga qo‘yilayotgani qanchadan-qancha insonlarning ortiqcha ovora bo‘lishi, vaqtining behuda sarflanishining oldini oladi.

Qarorga ko‘ra, fuqarolarga yoshga doir pensiyalarni proaktiv shaklda tayinlash tartibini amaliyotga joriy etish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi. Unga asosan 14 ta vazirlik va idoraning ma’lumotlar bazasi 2025 yil 1 martga qadar inventarizatsiya qilinadi. Pensiya tayinlash uchun zaruriy hujjatlar to‘liq raqamlashtiriladi.

Ba’zan pensiya yoshiga yetsada mehnat faoliyatini davom ettirish istagida bo‘lganlar ham uchraydi. Yangi tartibga ko‘ra, ular proaktiv shaklda tayinlangan pensiyani rad etish huquqiga ega bo‘ladi.

Yoshga doir pensiya fuqaroning keyinchalik qilgan murojaati asosida O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonuniga ko‘ra belgilangan tartibda qayta hisoblanadi. Shundan so‘ng tegishli tartibda pensiya tayinlanadi.

Bir so‘z bilan aytganda, pensiyani rasmiylashtirishdagi ortiqcha ovoragarchiliklarga barham berilmoqda.

Ikrom AVVALBOEV, 

O‘zA muxbiri