Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va uning huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi hamda Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi vakillari, Yoshlar akademiyasi a’zolari Ozarbayjonning Boku shahrida o‘tkazilayotgan “SPECA-2023″ haftaligi doirasida ”Barqaror rivojlanish uchun mintaqaviy hamkorlik” deb nomlangan ko‘rgazmada ishtirok etdi.

Ushbu ko‘rgazma Boku shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyoti bo‘yicha maxsus dasturi (SPECA)ning 25 yilligi doirasida Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikalarining iqtisodiyot potensialini namoyish qilish bo‘yicha tashkil qilingan.

Ko‘rgazmada mamlakatimizning avtomobil va mashinasozlik, yengil sanoat, elektrotexnika, qurilish, kimyo, farmatsevtika hamda ta’lim va innovatsiya sohalaridagi milliy mahsulotlari va xizmatlar namoyish etildi.

“SPECA-2023” haftaligi doirasida innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi bosh direktori Farhod Jumayev Qozog‘istonning “Turan erkin iqtisodiy zonasi” vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida kompaniya vakillari bilan belgilangan sohadagi ilg‘or texnologiyalarni O‘zbekistonga transfer qilish, soha ekspertlarini jalb qilgan holda ikki davlat o‘rtasida tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, mamlakatimiz tomonidan ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi uchun 25 yilgacha barcha soliqlardan ozod qilinishi, gaz, elektr, suv ta’minotlari bilan ta’minlanishi va boshqa shu kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, Ozarbayjonning yetakchi kompaniyasi hisoblangan “Azericard” o‘rtasida ilm-fan va texnologiyalar sohalarida hamkorlikni rivojlantirish uchun memorandum imzolandi.

Ushbu hamkorlikdan ko‘zlangan maqsad, kompaniyaning kontaktsiz to‘lov ishlanmalarini O‘zbekistonda joriy qilish, ya’ni raqamli texnologiyalarni to‘lov tizimlariga transformatsiya qilish, “TezÖde“ loyihasi orqali qurilmalar, kartalar yoki boshqa to‘lov vositalaridan foydalanmagan holda to‘lash imkonini yaratishdir.

Ushbu loyiha Ozarbayjon davlatida ko‘p yillardan buyon fuqarolarga xizmat ko‘rsatmoqda. Qayd etish joiz, “Azericard” Ozarbayjondagi birinchi, yetakchi va yirik protsessing markazi bo‘lib, bugungi kunda 16 ta banklarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Mazkur ko‘rgazma davomida SPECA davlatlari orasida umumiy 548 ming AQSH dollari qiymatidagi tijoratlashtirish loyihalari bo‘yicha shartnomalar imzolandi.

Ma’lumot uchun: BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyoti bo‘yicha maxsus dasturi (SPECA) 1998 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Afg‘oniston dasturga a’zo davlatlardir. Dasturning maqsadi a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va jahon iqtisodiyotiga integratsiyani qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

N.Nasriyev, O‘zA