Ikki davlat rahbarlarining oqilona siyosati tufayli O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik ko‘plab sohalar qatori diniy-ma’rifiy jabhada ham izchil rivojlanib, birodarlik yanada mustahkamlanmoqda.

Xususan, ikki davlat diniy idoralari hamkorligida amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, mo‘min-musulmonlarning diniy ehtiyojlarini qadrlash,  birgalikda global fatvolarni ishlab chiqish, qardosh xalqlarning diniy ehtiyojlarini to‘g‘ri ta’minlash borasida samarali ishlar qilinmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qozog‘iston musulmonlari idorasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli janoblari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deyiladi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati xabarida.

Samimiy muloqot chog‘ida Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qozog‘iston bosh muftiysi Navro‘zbay hoji janoblariga Toshkent, Buxoro shaharlaridagi nufuzli tadbirlar va xalqaro konferensiyalarda faol ishtiroklari uchun tashakkur aytib, qozog‘istonlik ulamolarning xalqaro forumdagi chiqishlarini yuqori baholadilar.

Muloqotda O‘zbekiston tomonining Turkiy davlatlar tashkiloti musulmon diniy idoralar rahbarlari kengashi huzurida Fatvo hay’atini tuzish taklifining amaliy ahamiyati juda yuqori ekaniga urg‘u qaratildi. Mazkur hay’at global masalalardagi fatvolar loyihasini ishlab chiqish, fatvo idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish kabi muhim vazifalar bilan shug‘ullanishi bilan yanada ahamiyatli ekaniga e’tibor qaratildi.

Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA